XXI asrda fosh etilgan "Sir"
Jahon bestseller asarlari
«Cheksiz koinotda hamma narsani boshqaradigan shiddatli oliy kuch mavjud. Siz shu kuchning qismisiz».
Prentis Malford
XX asrning oxiri, dunyoda evrilish va o‘zgarishlar shamoli tinimsiz esmoqda. Ilm-fan kundan-kun taraqqiy etmoqda. San’at va texnika yangidan-yangi cho‘qqiga chiqmoqda. Xullas, yer yuzi yanada chiroy ochmoqda...
Biroq... o‘sha davrda odamlarga noma’lum bo‘lgan sir hanuz mavhum edi...
Uni faqat insoniyatning eng buyuk allomalarigina bilgan, lekin ular bu haqda kelajak uchun zig‘ircha narsa qoldirishmagandi.

XXI asr boshiga kelib esa sir fosh etiladi!
Avstraliyalik yozuvchi Ronda Bernning «Sir» asari dunyo yuzini ko‘rgach, yashin tezligida millionlar e’tiborini o‘ziga qaratdi.
Uni o‘qiganlar chindan sirni kashf etganlari, uni hayotga tatbiq qilib, kutilmagan natijalarga erishganlari haqida yozishardi.
So‘ngi yillarda o‘zbek kitobxonlari orasida ham ommalashgan Ronda Bern asarlarida odamlarga qorong‘i bo‘lgan hodisalar haqida so‘z yuritilgan.
Bu hodisalar inson hayotida tub burilishlar yasashi mumkinligiga men ham ishonch hosil qildim.
BARCHASI SHUNDAY BOSHLANGANDI
Na tayinli ishi, va na maqsadga erishish yo‘li bo‘lgan bir qiz. Bundan bir yil oldin u omadsiz va noshudligidan boshqa narsani his qilmasdi.
Ishlari kundan-kun orqaga ketar va bir necha yillar qattiq mehnat qilsada o‘qishga ham kira olmagandi.
Buning ustiga, sog‘ligida ham muammolar paydo bo‘lgan, biroq ularni bartaraf qilishga unda na imkon, na ishonch bor edi.
Pandemiyaning ilk vahimali kunlari...
U qo‘liga tushgan har qanday kitobni ermak uchun o‘qir edi. Shunday kunlarning birida elektron kutubxonada «Sir»ga duch keldi.
Avvaliga qiziqishsiz boshlangan mutolaa uni tobora o‘ziga bog‘lab borardi. Shu tarzda Ronda Bernning barcha asarlarini bir necha marta o‘qidi.
Va uning hayot o‘zani butkul boshqa tomonga burilib ketdi...
Shundan keyin istaklari oqimini boshqara olayotgani va fikrlari orqali xohishlari u tomon yaqinlasha boshlaganini sezib qoldi.
Ronda Bernning asarida yozilishicha, butun olam tortishish kuchi qonuniga asoslangan. Bu qonun hamisha bor bo‘lgan va bo‘ladi.
U nafaqat moddiy narsalar, balki insonlarning fikrlari, uning ongi bilan bog‘liq.
Siz nima haqida o‘ylasangiz aynan o‘sha narsaga aylanib borasiz. «Inson o‘z fikrlarining mahsulidir», deyiladi unda.
Bu kvant fizikasi va minglab tadqiqotlar ustiga qurilgan, aniq fundamental bilimlar asosida o‘rganilgan buyuk haqiqat edi.
Ronda Bern muqaddas diniy yoziqlar va ma’naviy yetakchilar orqali insoniyatga ishora qilingan haqiqatlarni ilm-fan nuqtai nazari bilan tadqiq qildi.
Ammo bu tadqiqotlarning eng muhim jihati shundaki, uni har qanday odam - xoh siyosatchi, xoh o‘qituvchi, hammol, aravakash oshpaz, yosh yoyinki qari oson tushunadigan tarzda o‘quvchiga yetkazadi.
Ronda Bern «Sir»ni yozishdan avval, kvant fizikasi, psixologiya, din faoliyatini chuqur o‘rganadi. U taniqli mutafakkirlar, rassomlar, olim va ixtirochilarning fikrlarini to‘playdi.
Donishmandlar hayoti bo‘ylab oltin ip kabi o‘tgan bilimni kashf qiladi va uni boshqalar bilan bo‘lishadi.
SIR SIZNING ICHINGIZDA...
Siz kurash uchun yaratilmagansiz. Siz quvonchli daqiqalari kam va oralig‘ida ko‘p vaqt bilan to‘silgan hayot uchun tug‘ilmagansiz.
Haftasiga besh kun mashaqqatli mehnat qilib, faqat dam olish kunlaridagina baxt uchqunlashi uchun tug‘ilmagansiz.
Siz quvvatingiz yetmaganidan, kechqurun oyoqlaringizda mador qolmasdan yiqilish uchun tug‘ilmagansiz. Siz qo‘rquv va xavotir uchun tug‘ilmagansiz.
SIZNING HAYOTINGIZ MAZMUNI...
Tug‘ilganingizdan boshlab sizga to‘laqonli hayot kechirishga, nima istasangiz, shunga erishishga imkon berilgan. Siz shu vaqtning o‘zida quvonish, o‘zingizni sog‘lom, g‘ayratli, qiziquvchan his qilish, sevgiga to‘la hayot kechirish uchun tug‘ilgansiz.
Bularning hammasi ajoyib hayot va bunga haqqingiz bor.
Siz orzu qilgan hayot: kim bo‘lishni istagan bo‘lsangiz, nima qilishni va nimani istasangiz, o‘ylaganingizdan ko‘ra bularning hammasi sizga yaqin, u ichingizda joylashgan. Uni toping.
Maftuna KARIMOVA, O‘zA