Xususiy texnikum tashkil etadigan tadbirkorlarga yirik soliq va bojxona imtiyozlari beriladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida «Yangi O‘zbekiston» universitetida ustoz va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Ilk bor o‘tkazilgan «Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» kasb tanlovida 170 ming o‘quvchi ishtirok etdi. G‘oliblarni tayyorlagan 120 nafar ustaga 40 million so‘mgacha mukofot berildi. Prezidentimiz tanlovni har yili o‘tkazish, eng munosib o‘quvchilar va ustalarni 2028-yili Tokiodagi kasblar bo‘yicha jahon chempionatiga tayyorlash vazifasini qo‘ydi.
Bundan buyon mintaqaviy va xalqaro kasb tanlovi g‘olibini tayyorlagan ustaga 100 million so‘m, jahon miqyosidagi nufuzli musobaqa g‘olibini tayyorlagan ustozga 200 million so‘m mukofot beriladi.
Xususiy texnikum tashkil etadigan tadbirkorlar soliq imtiyozi va yer narxidan chegirma oladi. Kelasi o‘quv yilidan sanoat, servis va infratuzilma kabi muhim sohalarga kadr tayyorlaydigan xususiy texnikum o‘quvchilarining 50 foiziga davlat granti ajratiladi.
Xalqaro dastur va franshiza olib kelish xarajatining 75 foizi qoplanadi. O‘quv laboratoriyalari va jihozlarini olib kirish bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.
O‘zA