Xususiy shifoxonada ham bepul davolanish mumkin
Ayrim turdagi kasallik tashxisini yoki qon tahlilining natijasini bilish uchun sharoit ba’zi hollarda xususiy klinikalarga borishni taqozo etadi.Ma’lumki, xususiy shifoxona bemorlarga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatadi. Biroq bunday klinikalar xizmatidan aholining hamma qatlami ham foydalana olmaydi. Sababi, ularda narx-navo davlat tibbiy muassasalariga qaraganda yuqori. «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, tibbiy xizmat narxini xususiy klinikaning o‘zi bozor kon’yukturasidan kelib chiqqan holda mustaqil belgilaydi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida xususiy tibbiyot muassasalari tarmog‘i faoliyatini faollashtirish va kengaytirish borasida qulay sharoitlar yaratib berilgan.Ularning faoliyatini tartibga solish va litsenziyalash tizimi takomillashtirilgan. Aholiga pulli asosda yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi, bemorlarning imtiyozli toifasini bepul davolash, markazlarning o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash va o‘zini o‘zi qoplash prinsiplariga bosqichma-bosqich o‘tishi tartibi belgilangan. Xalqaro tajribani hisobga olgan holda bemorlarga tashxis qo‘yish sifati va ularni davolash standartlari ishlab chiqilgan va tasdiqlangan, tashxis qo‘yish va aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy usullari joriy etilib, amaliyotga joriy etilmoqda.
Xo‘sh, xususiy klinikalarda aholining qaysi qatlami bepul davolanish imtiyoziga ega?
2022 yil 1 yanvargacha xususiy tibbiyot muassasalari (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlaridan tashqari) tibbiy xizmatlar ko‘rsatishdan bo‘shaydigan mablag‘larni aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga yo‘naltirganda barcha turdagi soliqlar to‘lashdan ozod etilgan.Bu haqda davlatimiz rahbarining 2017 yil 1 apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida belgilab qo‘yilgan.
Mazkur qarorga asosan, soliq imtiyozi taqdim etilgan xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi.
O‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashovchi keksalar,I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar, muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolar, ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan shaxslar, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, 1941–1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan kabi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun xususiy tibbiyot muassasalarida imtiyozlar mavjud. Bu Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirliklarining 2017 yil 11 avgustdagi 2911-sonli qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan «Soliq imtiyozlari taqdim etilishi natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar hisobidan xususiy tibbiyot muassasalarining aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomda nazarda tutilgan. Unga binoan, soliq imtiyozi taqdim etilishi natijasida bo‘shaydigan mablag‘ning 25 foizi miqdorida ayrim toifadagi shaxslarga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA