«Xushxabar» dildan dilga, tildan-tilga ko‘chadi
O‘zbek va turk xalqlari azaldan qon-qarindosh. Kuylari bir, to‘ylari bir. Qadimdan o‘zbek shoir va yozuvchilari turk adiblari asarlarini tilimizga tarjima qilib kelishgan. Mirzakalon Ismoiliy, Miat Hakimov, Fayz Shoismoil, Boboxon Sharif kabilarni alohida e’tirof etishimiz mumkin.
Lekin o‘zbek adiblari asarlarini turk tiliga o‘girish oqsayotgan edi. Turkiyalik Axsan Botur bir qator romanlarni turkchaga tarjima qildi. Jumladan, O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari» kitobi turkchada Mohir Unlu tarjimasida chop etilgan. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti Xayrullo Hamidov bu xayrli ishga qo‘l urib, Muhammad Yusuf she’rlari va Said Ahmad hikoyalarini turk tiliga mohirona tarjima qildi.
Yana bir yangilik shuki, 2020 yil O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Nargiza Asadning «Xushxabar» she’riy kitobi Emina Bakar tomonidan tarjima qilinib, “MÜJDE” nomi ostida Turkiya jumhuriyatining Istanbul shahrida nashr etildi.

Nargiza Asadning «Xushxabar» she’riy kitobini turk tilida o‘qib, tahlil qilib va o‘z munosabatimizni bildirishni lozim topdik.
Avval tarjimon haqida ikki og‘iz so‘z: Emina Bakar 1992 yilda Turkiya jumhuriyati O‘smaniye viloyatining Qodirli tumanida tug‘ilgan. 2014 yilda Erzurum shahridagi Otaturk universitetining zamonaviy turk lahjalari va adabiyoti bo‘limini bitirgan. 2019 yilda mazkur universitetda O‘zbekistonda ham taniqli professor Husayn Boydemir rahbarligida «Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining «Farhod va Shirin» hikoyasi haqida tadqiqotlar» mavzusida magistrlik diplomini himoya qilgan.
Emina Bakar tarjimalari bilan tanishar ekanmiz, Nargiza Asad ruhiyatini yaxshi tushunganiga guvoh bo‘lamiz. Turk tilida she’rlarning o‘zbekona ruhini saqlay olgan. Masalan, bo‘limlarning o‘zbekcha nomlari turk tiliga nihoyatda ravon va mohirona o‘girilgan:
Bu makonda aylar navozish (Bu mekanda nezaket işler);
Ko‘zlaringdek dunyo yo‘q menga (Gözlerin gibi bir dünya yok bana);
Biz dunyoga to‘yganimiz yo‘q, dunyo bizdan to‘ymadi hali; (Biz bu dünyaya doymadık, dünya de bize doymadı henüz);
Bahor seni suyganligim rost (Baharın seni sevdiği gerçeği).
She’rlar ona tilimizda go‘zal did bilan yozilgani holda uning turkcha tarjimasi ham mohirona amalga oshirilgan. Keling, ulardan ayrimlariga to‘xtalsak: Bir misrada bahor kelib, shaharni yomg‘ir yuvganini tasvirlagan.
«Yomg‘irlarda yuvilgan shahar» yomg‘ir yog‘ishi, bahor kelishi biz uchun oddiy holdek tuyuladi, she’rda ushbu hodisa o‘quvchiga bahorni butunligicha his ettiradi. Uning turkchasi ham ayni ajib ma’noni saqlagan: “Yağmurlarda yıkanan şehir”.
Keyingi misrada esa yomg‘ir yog‘ayotgandagi ajib tovushlar, tabiat musiqasi go‘zal o‘xshatish bilan tasvirlanadi. «Qo‘shiqlarga ko‘mildi shahar». Bu misraning ham tarjimasi asliga ergashib go‘zal ma’no ifoda etyapti: ”Şarkılara gömüldü şehir”. Boshqa bir she’rda bahor kelib, daraxtlar gullagan mahal ochilgan gullar shamolning ayovsiz esishidan titrayotgani tasvirlangan. «O‘rik novdasida titraydi gullar» tarjimon ham ayni shaklda go‘zal tarjima qilgan. “Kayısı dallarında titrer çiçekler”.
«Sezdingizmi» deya boshlanuvchi she’rda muallif dardining naqadar kuchli ekanligidan hijron sabab yig‘laganida uni hatto ming yillik loflar ham ovutolmasligini go‘zal tasvirlagan. Keyingi misrada esa uzoq kutilgan visol onlari san’at darajasida mohirona qog‘ozga tushirilgan. O‘sha misralarga keladigan bo‘lsak:
«Yig‘lasam...
ovutmas ming yillik loflar
bugun sog‘inch kezar
yo‘llaringizdan
Eshik ochiladi
tasodifmi bu –
gullar to‘kiladi qo‘llaringizdan!»
Turkcha tarjimasi ham juda chiroyli, mohirona o‘girilganki, o‘quvchi she’rni o‘z ona tilida yozilgandek his etadi.
“Ağlasam...
Avutmaz bin yıllık laflar
Bugün hasret gezer
Yollarınızda
Kapı açıldı
Tesadüf mü bu
Çiçekler döküldü ellerinizden!»
«Ona tilim» she’rida o‘z tilimizda «Ona»,«Vatan» kabi tushunchalarni izhor qilishimiz naqadar go‘zal, naqadar ajib, naqadar buyuk ekaniga e’tibor qaratilgan.
«Ona! – deyman ona tilimda,
Biyroningman, shodon bolalik.
«Vatan!!!» – deyman,
«Yer», «Osmon» – deyman,
Bo‘ylarimda gulgun lolalik.
Tarjimada ushbu tuyg‘ular o‘zining buyukligini, go‘zalligini saqlab qolganiga guvoh bo‘lamiz.
“Anne!» – diyorum ana dilimde,
Tatlı dilim, mutlu çocukluk.
“Vatan!!!» – diyorum,
“Yeryüzü”, “Gökyüzü” – diyorum,
Hoş kokan kızıl lalelik.»
Shoira Nargiza Asadning insonlar xarakterini tasvirlagan nafis satrlar turkchaga nozik did bilan o‘girilgankim, uni o‘qigan insonning bag‘ri dili yonadi. Odamlarning maydalashib, manman bo‘lib ketganidan yuragi o‘rtanadi.
Afsuski, ayrim so‘zlarning ma’nosi yaxshi tushunilmagani uchun bo‘lsa kerak, tarjimada ba’zi bir g‘alizliklar uchraydi.
«Navoiy haykali poyida» (“Nevaıʼnin heykeli huzurunda”) she’rida «Bunda turar bir ulug‘vor zot» misrasidagi «turar» so‘zi turkchaga “kalkar” deya tarjima qilingan. Aslida, “burada durur” deyish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki “kalkar” so‘zi «ko‘tarilmoq» ma’nosini anglatadi.
Hamid Olimjonga bag‘ishlangan she’rning oxirida shunday misralar bor: «Dunyoga aylanar Hamid Olimjon». «Aylanar» so‘zi turkchada “döner” bilan ifodalangan. Vaholanki, “dönüşür” bo‘lmog‘i kerak. “Gece” («Kecha») she’rida «Jon saqladi so‘z o‘g‘rilaring» iborasi “Canını korudu söz fitnecilerin” tarzida berilgan. Tarjimon “Can korudu söz hırsızları” shaklida o‘girganda ma’no to‘liq bo‘lardi, chunki bu yerda o‘g‘ri turk tilida “hırsız” bo‘ladi, “fitneci” emas.
«Mo‘g‘il, oting o‘chsin, uyginang kuysin» misrasi turkchaga “Moğol atın kesilsin,evin yansın” deya tarjima qilingan. Bu yerda «ot» so‘zi turkchadagi «ism» (nom) ekanligi inobatga olinmay, «atın kesilsin«tarzida keltirilgan va turkchadagi “at” sizu-bizga miniladigan «ot» sifatida ma’lum jonivorga aylanib qolgan.
«Quroli bor uning, yuragi yo‘qdir» misrasi tarjimada “Askeri var onun yüreği yoktur” deya xato ifodalangan. Nazdimizda, “silahı var onun yüreği yoktur” deya tarjima qilingani yaxshi edi. Chunki «qurol» turkchada “silah” bo‘ladi.
«Yuragingga eltar bekatchi» iborasi “Yüreğine götürür biletçi” shaklida tarjima qilingan. O‘zbekchadagi «bekatchi» so‘zi va turkchadagi “biletçi” so‘zlarining ma’nolari boshqa-boshqa, bir-biridan katta farq qiladi.»Yüreğine yol gösterir bekçi” tarzida berilgani maqsadga muvofiq.
“Gözlerime dola” deb boshlanuvchi she’rdagi «Yuragimga siqqan bu ISHQ» turkchaga»yüreğimi ezen bu AŞK” deb o‘girilgan. O‘zbek tilidagi «siqqan» kalimasi «yurakka joylashmoq» ma’nosida ishlatilgan, tarjimon esa uni «yurakni ezmoq, siqmoq» deya tushunib, xatoga yo‘l qo‘ygan. Bizningcha, “yüreğime sığan bu AŞK” bo‘lgani yaxshi edi.
“Zavallı anne” she’ridagi «Sog‘inchlardan oqargan boshi» misrasi tarjima qilinganda “Hasretten akarken başı” shaklida o‘girilgan va «oqargan»(sochlarning oqarishi) jumlasi turkchada «suv bo‘lib oqmoq»qa aylanib qolgan.
“Akvaryumdaki balığa” («Akvariumdagi baliqqa») she’ridagi «Mavj urmas o‘tlar» misrasi “Dalgalanmıyor alevler” deb tarjima qilingan. Bunda o‘zbekchadagi «o‘tlar»(maysa) turkchada «olov» tarzida yanglish o‘girilgan. Aslida “Dalgalanmıyor otlar” bo‘lishi kerak edi.
Ushbu misollar tarjimonni tanqid qilish maqsadida emas. Emina Bakar o‘zbek tilini yaxshi bilishiga shubha yo‘q. Kamchiliklar, nazarimizda, tajriba kamligidan. Chunki kitob – uning ilk tarjimasi. Emina Bakar yana O‘zbekistonga kelib, diyorimizda yashab, ijodkorlarimiz bilan bevosita muloqot qilsa, ishonamizki, bu unga ko‘proq naf keltiradi.
Jumali SHABANOV,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
Turkshunoslik fakulteti dotsenti,
filologiya fanlari nomzodi
O‘zA