Xurshid Tojiboyev – ARV turniri g‘olibi
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida ARV – yarimprofessional bokschilar yo‘nalishi bo‘yicha chempionlik va reyting janglari bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida ARV – yarimprofessional bokschilar yo‘nalishi bo‘yicha chempionlik va reyting janglari bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi mamlakatimiz boks federatsiyasi hamda Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi – AIBA hamkorligida tashkil etilgan turnirda O‘zbekiston, Ruminiya, Serbiya, Qozog‘iston, davlatlaridan eng kuchli charm qo‘lqop ustalari bahslashdi.
– O‘zbekiston – sport, jumladan, boks jadal rivojlangan mamlakat sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilmoqda, – dedi Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi prezidenti Ching Kuo Vu. – Bu yurtingiz sportchilarining nufuzli musobaqalarda erishayotgan natijalarida, mamlakatingizda har qanday yirik sport anjumani yuqori saviyada tashkil etilayotganida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan sportchilarimizning zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishi va ularda munosib ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoit yaratilmoqda.
O‘zbek boks maktabi vakillari jahon va qit’a miqyosidagi nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritmoqda. Yaqinda Tailand poytaxti Bangkok shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatining ikkita oltin, beshta kumush va bitta bronza medalini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Sankt-Peterburg shahri mezbonlik qilgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham yosh bokschilarimiz 2 tadan oltin va kumush, 3 bronza medalni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz yoshlari iqtidor va mahorat bobida hech kimdan kam emasligini va hech qachon kam bo‘lmasligini isbotladi.
APB – AIVAning yarimprofessional bokschilar yo‘nalishi bo‘lib, mazkur yo‘nalishdagi musobaqalar bokschilarga Olimpiadada ishtirok etish huquqini beradi. Unda har bir vazn toifasida sakkiztadan bokschi o‘zaro to‘rtta bahsda qatnashadi va eng kuchli ikki nafari chempionlik unvoni uchun ringga chiqadi.
Mamlakatimizning zamonaviy sport infratuzilmasi, har qanday nufuzli musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha yaratilgan keng imkoniyatlar va to‘plangan boy tajribasini xisobga olib, AIVA turnirning vazni 60 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi birinchi bosqich uchrashuvlariga mezbonlik qilish huquqini Toshkent shahriga topshirdi.
Turnirda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilayotgan Xurshid Tojiboyev dastlabki ikki bosqichda irlandiyalik Devid Joys va rossiyalik Dmitriy Polyanskiyni mag‘lubiyatga uchratib, 2016-yilgi Olimpiya o‘yinlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan edi.
Xurshid Tojiboyev 19-sentabr kuni “O‘zbekiston” sport majmuasida tashkil etilgan boks kechasining markaziy jangi – vazni 60 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi chempionlik kamari uchun kechgan bahsda amaldagi chempion, qozog‘istonlik Berik Abdurahmonovga qarshi ringga ko‘tarildi.
12 raund davom etgan bahsda kuchli texnika va mustahkam himoyaga ega X.Tojiboyev raqibini mag‘lubiyatga uchratib, chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi.
Turnir davomida ARV yo‘nalishining uchta vazn toifasi bo‘yicha reyting janglari ham o‘tkazildi. Hamyurtlarimiz Ulug’bek Haqberdiev (75 kg), Shuhrat Abdullaev (81 kg) va Ulug’bek Mubinov (91 kgdan yuqori) ruminiyalik Nichita Lazar-Loan, Bibirisia Marjianu Aleksandru va serbiyalik Milutin Stankovich ustidan ishonchli g’alabani qo’lga kiritdi.