Xufiyona bozor”: “click” qilib yuboring
Bugun axborot kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanib bormoqda. Zamonaviy to‘lov tizimlari esa og‘irimizni yengil qilmoqda.
Shundan tizimlardan biri click to‘lov turidir. Bu kommunal-xo‘jalik, telekommunikatsiya, yo‘l-transport va boshqa sohalar bilan bog‘liq barcha masalalarni masofaviy hal etishda qulaylik yaratadi.
Biroq bu qulayliklardan ayrim ishbilarmon “tadbirkorlar” g‘arazli maqsadlarda foydalanib qolmoqda. Ular o‘z mablag‘larini bankdan tashqari aylantirib, davlat oldidagi mas’uliyati, qonun oldidagi burchlarini unutib, daromadlarini yashirishga, soliqlardan qochishga, shunday xufiyona yo‘llar bilan boylik orttirishga urinmoqda.
Pul muomalasi mexanizmlarini yanada takomillashtirish, naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini kengaytirish, bankdan tashqari muomalani qisqartirish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashning oldini olishda qanday ishlar amalga oshirilyapti, tadbirkorlarning shaffof tizimda ishlashi uchun sog‘lom raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga barham berilyaptimi?
— Savdo nuqtalarini o‘rganib, tadbirkorlik sub’ektlari bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib boryapmiz, — deydi Guliston shahar davlat soliq inspeksiyasi katta inspektori Azamat Bahodirov. — Agar xaridorlar tomonidan chek bermaslik holati uchun davlat soliq organlariga murojaatlar kelib tushsa, mazkur soliq to‘lovchi bilan qisqa muddatli tekshiruv o‘tkaziladi. Bordi-yu fuqaroning murojaati o‘z tasdig‘ini topsa, soliq to‘lovchiga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llaniladi. Ko‘plab savdo nuqtalarida mijozlar e’tiboriga xarid uchun to‘lovni “click” orqali amalga oshirish mumkinligi qayd qilib qo‘yilgan e’lonlar olib tashlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda xufiyona iqtisodiyot hajmi milliy iqtisodiyotning 45 foizini tashkil etar ekan. Xufiyona iqtisodiyot davlat hisobi va nazoratidan tashqarida rivojlanadigan va shu sababdan rasmiy statistikada aks etmaydigan xo‘jalik faoliyati sanaladi. Xufiyona iqtisodiyot juda keng bo‘lib, buni jinoiy faoliyatning eng yirigidan (masalan, narkobiznes) olinadigan katta daromadlardan to tuzatilgan jo‘mrak uchun ustani bir shisha aroq bilan “mukofotlash”gacha bo‘lgan jarayonlarda ko‘rish mumkin.
Xulosa o‘rnida, xufiyona iqtisodiyotni bartaraf etish uchun, eng avvalo, jamiyatdagi barcha fuqarolar o‘z huquq va burchlarini bilishi bilan bir qatorda, unga rioya qilishlari va boshqalardan ham shuni talab qilib, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyati ustidan jamoat nazoratini kuchaytirish lozim. Xaridorlar “click” qilib yuboring, degan talabni bajarmasa, bu eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA