Xotin-qizlarga e’tibor amalda bo‘lsin
Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi hamda Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyaning kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshqargan yig‘ilishda keyingi uch oy davomida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar muhokama etildi.
Senat qarori bilan 2030 yilga qadar Gender tenglikka erishish strategiyasi , uning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. Zo‘rlik ishlatishdan jabrlangan ayollarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rildi.
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etildi. Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar, xotin-qizlar manfaatlarini, yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Jumladan, "Ayollar daftari"ga kiritilgan va tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 68 ming 281nafar xotin-qizga 837 milliard 931 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i ajratilib, ularning bandligi ta’minlandi . Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni hududlarda tor soha bo‘yicha shifokorlarga jalb etgan holda 5818 ta tibbiy brigada tashkil etilib, ular yordamida 43 ming 779 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
"Gender.stat.uz" Gender statistikasining rasmiy veb-sayti takomillashtirildi. Ma’lumotlar yangilandi. "Aziz-ayol.uz" yagona interaktiv milliy platformasini joriy etish chora-tadbirlari belgilandi. Sohada erishilgan yutuqlar bilan birga kamchiliklar ham batafsil tilga olindi.
Yig‘ilishda Bosh prokuratura, Ichki ishlar hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari mutasaddilarining axboroti tinglandi.
Qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzish amaliyoti keng tarqalgan hududlarni aniqlash maqsadida yurtimizning 6 ming 974 ta mahallasida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazilgan. Jumladan, so‘rov natijalariga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkichlar Qashqadaryo viloyatining G‘uzor (9,7 foiz), Dehqonobod (9 foiz), Kasbi (8,6 foiz), Yakkabog‘ (6,1 foiz), Kitob (5,8 foiz), Qamashi (5 foiz) tumanlariga, Surxondaryo viloyatining Qiziriq (19 foiz), Boysun (8,3 foiz) va Denov (5,8 foiz) tumanlariga to‘g‘ri keladi.
Har bir tuman va shaharlarda tashkil etilgan "Ota-onalar universiteti"da qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari to‘g‘risida o‘quv- mashg‘ulot o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.
Gender tenglikni ta’minlash strategiyasida xotin-qizlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, ularning innovatsion g‘oyalari, ixtirochilik , ratsionalizatorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
O‘tgan yilning o‘zida 31 ming nafardan ortiq ilmiy xodim ma’rifiy izlanishlar, tadqiqotlar ,tajriba-konstruktorlik faoliyati bilan shug‘ullangan bo‘lsa, ularning qariyb 40 foizi ayollardir.
Xususan,xotin-qizlarning 73 foizi oliy ta’limda, 16,5 foizi davlat sektorida, 10 foizi tadbirkorlik sohasida, 0,2 foizi notijorat sektorida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanmoqda.
Ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlashda "Ayollar daftari" tizimi yaxshi samara berayotgani qayd etildi. Jumladan, o‘tgan yarim yillikda "Ayollar daftari"dagi ijtimoiy himoyalashga muhtoj ishsiz 251 ming 300 nafardan ortiq xotin-qiz bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, 6 oy mobaynida 78,5 ming nafar xotin-qiz ish haqi to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.
Yurtimizda aholini kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha 15 ta "Ishga marhamat" monomarkazi, 30 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi, 136 ta mahallada kasb-hunarga o‘qitish maskani tashkil etilib,jami 134 ming nafar ishsiz ayol 10dan ortiq kasbga o‘qitildi.
Shu bilan birga, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan imtiyozli kreditlar ajratilgan.Ayollarga Xalq banki biriktirilgan bo‘lib,14 ta hududda Xotin-qizlar markazlari tashkil etilgan.
Yig‘ilishda og‘ir ahvolga tushib qolgan ayollar bilan ish olib borishni yanada takomillashtirish, migratsiya bilan bog‘liq masalalarni hal etish, olingan kredit mablag‘larining maqsadli ishlatilishi yuzasidan mas’ul tashkilotlarning mutasaddilari fikr-mulohazalarini bildirdi.
N.Usmonova, O‘zA