Xotin-qizlar muammolari e’tiborda
Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, onalik va bolalikni asrash, ularga munosib turmush sharoitini yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadlaridan biridir.
Shu maqsadda ijtimoiy himoyaga muhtoj, bandligi ta’minlanmagan, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan, boquvchisi vafot etgan yoki jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan, uy-joyga muhtoj, nogironligi bor yoki qaramog‘ida nogiron farzandlari bo‘lgan ayollarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish maqsadida “Ayollar daftari” joriy qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 martdagi “Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida xotin-qizlarning muammolari “mahallabay” o‘rganib chiqilib, Qoraqalpog‘iston Re6spublikasida 424 ta fuqarolar yig‘inida 30 yoshdan yuqori bo‘lgan jami 33 ming 813 nafar xotin-qiz 6 ta toifa bo‘yicha “Ayollar daftari”ga kiritildi. Uning 3-bosqichiga kiritilgan 31 ming nafar xotin-qizga toifalar bo‘yicha yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj 12 ming 600 nafar ishsiz ayolning bandligi ta’minlandi. Shundan 1 ming 253 nafari doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi, 2 ming 795 nafari vaqtinchalik (jamoat) ishlarga jalb qilindi, 1 ming 206 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 5 ming 744 nafari mustaqil ravishda ishga joylashdi. Shu bilan birga, jamg‘arma va manbalar tomonidan ajratilgan subsidiya va kreditlar hisobidan 1 ming 531 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi.
[gallery-9320]
Nukus shahridagi “Nao‘qan bag‘” mahalla fuqarolar yig‘inida 1008 ta xonadonda 5 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilib kelmoqda. Shundan bugungi kunga 106 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 48 nafar xotin-qiz kasb-hunarga o‘qitilib, kredit hamda subsidiyalar berildi. 2 ta kam ta’minlangan oilaning turar joyi ta’mirlanib, 6 ta xonadonning tom qismi to‘liq shiferlab berildi. 78 nafar xotin-qizga moddiy yordam, 3 nafariga bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida hududiy poliklinika filiali, 39-umumta’lim maktabining qo‘shimcha binosi, 2 ta joyda bolalar maydonchasi qurib bitkazildi. Mahalla fuqarolar yig‘ini binosining qurilish ishlari olib borilmoqda.
– Davlatimiz rahbarining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish maqsadida mahalladagi xotin-qizlarining qonuniy manfaatlarini ifoda etish, ularning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan nogironligi bo‘lgan ayollarning manzilli ro‘yxatini tuzib, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordamlar ko‘rsatilmoqda, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zamira Aytbayeva. – Xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish maqsadida huquqbuzarlikka moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar bilan alohida profilaktik ishlar olib borilmoqda. Mahalladagi xotin-qizlarning bandligini ta’minlash maqsadida imtiyozli kreditlar olishiga amaliy yordam berilib, ularni tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb qilinmoqda. Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, tibbiy madaniyatini yuksaltirish borasida targ‘ibot-tashviqot ishlari davom ettirilmoqda. Xotin-qizlar o‘rtasida “Buvijonim kiygan liboslar”, “Erta turmush qurishning salbiy oqibatlari”, “Tomorqa-daromad manbai”, “Sport – salomatlik garovi”, “Kitobi bor oila-oftobi bor oila” va boshqa mavzularda madaniy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlarining muntazam o‘tkazilishi ijobiy samarasini bermoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA