Xotin-qizlar manfaati yo‘lida samarali yondashuvlar
Navoiy shahridagi Yoshlar markazida “Oila va xotin-qizlar maskanlarida aholiga yuridik va psixologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish” mavzusida tashkil etildi.
Unda hududlardagi Oila va xotin-qizlar maskanlariga biriktirilgan psixologlar, huquqshunoslar, tuman va shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limlari rahbar hamda mutaxassislari ishtirok etdi.

Seminarda viloyat hokimi o‘rinbosari Malika Mamadiyorova so‘zga chiqib, bugungi kunda oilalarda uchrayotgan muammolarni barvaqt aniqlash, fuqarolarga sifatli psixologik va huquqiy xizmat ko‘rsatish hamda Oila va xotin-qizlar maskanlari faoliyatini yanada takomillashtirish ustuvor vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.
Tadbir davomida Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-maydagi “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish hamda oilaviy maslahat xizmatlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, nikohlanuvchi shaxslar uchun oila psixologiyasi, oila iqtisodi va reproduktiv salomatlik asoslari bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish, “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasini samarali amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

– Bugungi kunda murojaat qilayotgan xotin-qizlarning aksariyatida huquqiy muammolardan ko‘ra ruhiy bosim va psixologik muammolar ko‘proq uchramoqda, – deydi Karmana tumani Oila va xotin-qizlar maskani psixologi Nilufar Keldiyorova. – Shu bois har bir murojaat bilan individual ishlash, insonni tinglash va unga professional psixologik ko‘mak ko‘rsatish muhim. Bunday seminarlar mutaxassislarning kasbiy bilim va amaliy tajribasini boyitib, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Uchrashuvda “Ayollar daftari”ning 7-bosqichi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘rsatilayotgan yuridik, psixologik va ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Seminar doirasida mutaxassislar o‘z hududlarida uchrayotgan muammolar, ularni bartaraf etish bo‘yicha tajribalari hamda amaliyotda qo‘llanilayotgan samarali usullar yuzasidan fikr almashdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri