Xotin-qizlar innovatsion oyligi
Poytaxtimizdagi Inha universitetida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “ITWomenUz”– xotin-qizlar innovatsion oyligi boshlandi.
Poytaxtimizdagi Inha universitetida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “ITWomenUz”– xotin-qizlar innovatsion oyligi boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi Milliy agentligi qoshidagi Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti hamda Toshkent shahridagi Inha universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur loyiha 19 avgustdan 19 sentabrgacha o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi Milliy agentligi qoshidagi Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi direktori Temur Azamatov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov va boshqalar yurtimizda ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Mazkur innovatsion oylikni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad xotin-qizlarni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga kengroq jalb qilish, mobil ilova, veb-sayt, dasturiy mahsulotlarni yaratish, kompyuter grafikasi va dizayn faoliyatiga o‘qitish hamda dasturchi sifatida shakllanishiga ko‘maklashish orqali ayolar va qizlar bandligini ta’minlashdan iboratdir.
Innovatsion oylik doirasida Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent shahridagi Inha universitetida joriy yilning avgust oyida bir hafta (19 – 24 avgust) davomida 160 nafar xotin-qiz uchun o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Tinglovchilarning olgan nazariy bilimlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilot va korxonalarda uch hafta mobaynida – 26 avgustdan 19 sentabrgacha amaliyotga tatbiq qilinadi.
– Oylik axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi eng kerakli bo‘lgan yo‘nalishlarni qamrab olgani bilan ahamiyatlidir, – dedi Toshkent shahridagi Inha universiteti bosh menejeri Hilola Umarova. –Mobil ilovalar tayyorlash, veb-saytlar yaratish, IT grafika va dizayni, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlar shular jumlasidandir. Aytish joizki, axborot texnologiyalari sohasida yil sayin ayollar va qizlar safi kengayib bormoqda. Masalan, universitetimiz tashkil etilgan dastlabki yilda talabalar safidagi yoshlarning yetti foizi qizlardan iborat bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ularning soni o‘ttiz foizdan oshib ketdi.
“ITWomenUz” – xotin-qizlar innovatsion oyligining dastlabki kunida sohaga qiziquvchi talaba qizlar uchun veb-sayt, kompyuter grafikasi, dizaynerlik, mobil ilovalar, dasturiy mahsulot yaratish bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulotlar tashkil etildi.