Xotin-qizlar bandligi doimo e’tiborda
Jizzax viloyatida qishloq ayollarining biznes ko‘nikma va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan “Qishloq ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
“Istiqlol avlodi” ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazi tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha Jahon bankining Yaponiya Ijtimoiy taraqqiyot jamg‘armasi granti va O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi mablag‘i hisobidan moliyalashtirilgan. Loyiha ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni, ayniqsa qishloq ayollarini tadbirkorlikka o‘rgatish orqali turmush tarzini, yashash sharoiti va oilaviy daromadini yaxshilashga qaratilgan.

Loyiha bo‘yicha Jizzax viloyatining Baxmal, Zomin, Yangiobod va Forish tumanlaridagi qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida ish olib borildi. Ularda ayollar guruhlari tashkil etildi. Mahallalarning ijtimoiy himoyaga muhtoj 28 nafar xotin-qizlari ro‘yxati shakllantirilib, ular bir yarim yil mobaynida boshlang‘ich tadbirkorlikka o‘qitildi.

– Mazkur loyiha qishloqlarimizning ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlari uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Forish tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Elnora Ummatova. – Eng quvonarlisi, ana shu loyihaning amalga oshirilishi natijasida tumanda istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj, “Ayollar daftari” ro‘yxatida turuvchi xotin-qizlar uchun 120 ta yangi va albatta daromadli ish o‘rinlari yaratiladi.


Tadbirkorlikka o‘qitish dasturi bo‘yicha o‘rta muddatli o‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan xotin-qizlarga sertifikatlar topshirildi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari