Xorijiy tajriba soha istiqboli
Yengil sanoat yo‘nalishi mamlakatimiz iqtisodiyotining rivojlangan tarmoqlaridan biri hisoblanib, yurtimizda bu tarmoqni rivojlanishi uchun o‘ziga xos qulay muhit shakllangan. Hozirda yengil sanoat ko‘p tarmoqli industrial kompleks sifatida to‘qimachilik, ip yigirish, tikuvchilik va boshqa yo‘nalishlarda ko‘plab mahalliy va qo‘shma korxonalar samarali faoliyat yuritmokda. Tabiiyki mazkur ishlab chiqarish sub’ektlarini malakali kadrlar bilan ta’minlash ham muhim masalalardan sanaladi.
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining O‘zbekistonda yengil sanoatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash loyihasi doirasida Qarshi dizayner va texnologlarni tayyorlash texnikumida o‘tkazilgan o‘quv seminarning asosiy maqsadi sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash masalalariga qaratildi. Mazkur seminarda loyiha vakillari bilan birga yengil sanoat yo‘nalishida tajribaga ega, malakali xususiy sektor vakillari, texnikum va umumta’lim maktabi bitiruvchilari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

– Ushbu tadbir asosan talabalarimiz ishtiyoqini oshirish maqsadida tashkil etilmoqda, – deydi Qarshi dizayner va texnologlarni tayyorlash texnikumi direktori Yulduz Adilova. – Masalan, dastlabki bosqichlarda nimalarga ahamiyat qaratish lozimligi, bugungi kunda mamlakatimizda aynan yengil sanoatning rivojlanish bosqichlari hamda bu borada xorij tajribasidan foydalanish yuzasidan ham ko‘nikmalar berildi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlasharkan, bu borada bosib o‘tgan yo‘llarini, ish boshlash uchun zarur bo‘lgan jihatlar bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, germaniyalik mutaxassislar loyiha maqsadi va ahamiyati xususida tushuntirishlar berib o‘tdi.

– Mamlakatingizda bu tarmoqni rivojlantirish uchun yetarlicha imkoniyat va resurslar mavjud, – deydi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ning vakili Tea Sprashvili. – Shu bilan birga tajribali mutaxassislar ham bor. Maqsadimiz mazkur ta’lim muassasasi bitiruvchilari hamda sanoat korxonalari o‘rtasida shaffof aloqalar o‘rnatilishiga ko‘maklashish. O‘ylaymizki seminarlar davomida bu maqsadlarga albatta erishamiz.
Guruhlarga bo‘lingan treninglar davomida mutaxassislar tomonidan tikuvchilik texnologiyasi, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishning muhim asoslari xususida o‘z tajribalarini baham ko‘rishdi. Muvaffaqiyatga erishish borasida maslahatlar berildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri