Xorijga tuxum eksport qilinadi
Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanida faoliyat yuritayotgan “Tilla tuxum” masʼuliyati cheklangan jamiyati 2 gektardan oshiq tashlandiq yerni obodonlashtirib, yangi loyihani amalga oshirmoqda.
Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanida faoliyat yuritayotgan “Tilla tuxum” masʼuliyati cheklangan jamiyati 2 gektardan oshiq tashlandiq yerni obodonlashtirib, yangi loyihani amalga oshirmoqda.
Mazkur loyihaning umumiy qiymati 5,5 milliard soʻm boʻlib, uning 1 milliard soʻmi “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankining tuman filiali tomonidan kredit sifatida ajratildi. Dastlab Yangiyoʻl tumanidan 15 ming bosh ikki kunlik joʻjalar olib kelindi. Joʻjalar Rossiya va Ukrainadan olib kelingan texnologiyalar asosida parvarishlanyapti.
Joriy yilning oktyabr oyidan parrandalarning 80 foizi tuxum bera boshlaydi. Mahsulotlar tuzilgan shartnomaga muvofiq, Oʻrta Chirchiq tumani va Nurafshon shahridagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari, boshqa ijtimoiy muassasalar hamda oziq-ovqat savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalarga yetkazilib beriladi.
– Hozirgi kunda korxonamizning birinchi blokida parvarish qilinayotgan joʻjalar ancha katta boʻlib qoldi, – deydi jamiyat rahbari Shuhrat Ishpoʻlatov. – Yana ikki oydan soʻng ikkinchi blok ishga tushadi va qoʻshimcha 14 ming donadan ortiq tuxum yetishtiriladi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning asosiy qismini qoʻshni davlatlar, xususan, Afgʻonistonga eksport qilishni rejalashtirayapmiz.
Masʼuliyati cheklangan jamiyat mutaxassislarining taʼkidlashicha, 45 bosh qoramolga moʻljallangan ferma ham qurilmoqda. Kelgusida goʻsht yetishtirish ham moʻljallanmoqda.