Xorijda ham saylovga tayyorgarlik qizg‘in
Mamlakatimizda shu yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayon — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Jumladan, xorijdagi vatandoshlarimizning saylov huquqini ta’minlash, ularning faolligini oshirish borasida ham muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Londonda bo‘lib turgan O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari va Buyuk Britaniyada yashovchi vatandoshlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayoni va Prezident sayloviga tayyorgarlik yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Yurtdoshlarimiz O‘zbekiston rahbariyatining xorijdagi o‘zbek diasporasi vakillari bilan faol va yaqin muloqot olib borish siyosatiga yuqori baho berdi. Mazkur samarali siyosat vatandoshlarimiz tomonidan ijobiy kutib olingani, ular qalbida mamlakatimizdagi o‘zgarishlarga daxldorlik tuyg‘usini yanada mustahkamlab, Vatan taraqqiyotiga faol hissa qo‘shishga undayotgani ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda biznes ochish va rivojlantirish, mamlakatga Buyuk Britaniya sarmoyalari va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish imkoniyatlari bilan ham qiziqdi.
M. Komilova, O‘zA