Xorazmning yangi qiyofasi: yuksalish sari tashlangan strategik qadamlar
Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kuni Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, hududda sanoat, ta’lim, transport, turizm va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar hamda yaratilgan infratuzilma bilan tanishdi. Shuningdek, bir qator yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish marosimida qatnashdi.
Keyingi yillarda Xorazm vohasiga kelayotgan mehmonlar oqimi bir necha karra ortdi. Turistik salohiyatni ishga solishga qaratilgan tashabbuslar doirasida xalqaro standartlarga javob beradigan transport-logistika infratuzilmasi yaratilayotgani e’tiborga molik.
Xususan, Urganch xalqaro aeroportida rasmiy delegatsiyalarga xizmat ko‘rsatadigan terminal bunyod etilib, yangi aerodrom majmuasi rekonstruksiyasining birinchi bosqichi jadal davom ettirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi ana shu loyihalar bilan tanishishdan boshlandi.
Aeroport 1960-yilda ishga tushgan. Unga 1992-yilda xalqaro maqom berilgan. Umumiy maydoni 285 gektardan ortiqni tashkil etadigan bu majmua o‘tgan yillar davomida minglab yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib keldi. Bugungi kunda aeroport orqali o‘nga yaqin nufuzli aviakompaniya tomonidan muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning o‘zida aeroport tomonidan jami 126 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilib, mazkur ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 31 foizga o‘sdi.
Jadal rivojlanayotgan zamon, ortib borayotgan sayyohlar oqimi va xalqaro hamkorlik ko‘lami mavjud quvvatlarni tubdan kengaytirishni kun tartibiga qo‘ymoqda.
Urganch xalqaro aeroportini kengaytirish va modernizatsiya qilish uchun jami 264 million dollar miqdorida investitsiya mablag‘lari yo‘naltirilgan. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda.
Loyihaning xususiy sherigi sifatida dunyoning eng ilg‘or, yuqori texnologik va nufuzli aviatsiya xablaridan birini boshqaradigan Janubiy Koreyaning “Incheon International Airport Corporation” kompaniyasi jalb etildi.
Prezidentimiz Xiva va Urganch shaharlari yirik xalqaro sammitlar, oliy darajadagi diplomatik uchrashuvlar, nufuzli iqtisodiy va madaniy anjumanlar o‘tkaziladigan global maydonga aylanayotganini ta’kidladi. Bunday tadbirlarga kelayotgan xorijiy delegatsiyalar uchun yuqori darajadagi qulaylik va xavfsizlikni ta’minlash mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiboriga bevosita xizmat qilishi qayd etildi.
Rekonstruksiya doirasida aeroportda “Boeing 747” va “Airbus A350” kabi keng fyuzelyajli havo kemalarini bemalol qabul qilish imkoniyati yaratilmoqda. Bu endilikda dunyoning turli qit’alaridan Xorazmga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, tranzitsiz uzoq masofali parvozlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Shuningdek, rekonstruksiya ishlarining birinchi bosqichida 18 ta havo kemasi turargohi hamda yangi burilish yo‘lagi qurib bitkaziladi. Bundan tashqari, aeroportda zamonaviy chegara nazorati va viza bo‘limlari, shinam biznes-zal, turli savdo va ovqatlanish shoxobchalari, kechayu kunduz ishlaydigan tibbiyot punkti hamda dunyo brendlarini mujassam etgan “Duty free” zonasi tashkil etilmoqda.
Loyiha yakunlangach, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 300 nafardan 1 ming 300 nafargacha ortadi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch tumanidagi “Tillo domor” korxonasining yangi ishlab chiqarish majmuasida sutni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatida qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mahalliy xomashyoni qayta ishlash va ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratilgan.
Xorazm viloyati sut yetishtirish salohiyati yuqori hududlardan biri. Mazkur imkoniyatdan samarali foydalanib, chorvachilikni ixtisoslashtirish va sutni sanoat usulida qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Tillo domor” korxonasining umumiy qiymati 11 million dollar bo‘lib, yiliga qariyb 100 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona Bolgariyadan keltirilgan zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan.
Bu yerda pishloq, qaymoq, smetana, tvorog, qatiq, kefir kabi 70 dan ortiq turdagi sut mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Xomashyo har kuni 100 dan ziyod fermer xo‘jaligi va aholidan xarid qilinadi. Bu, o‘z navbatida, chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan aholi uchun barqaror sotuv bozorini yaratishga xizmat qilmoqda.
Korxonada 120 ta ish o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarish majmuasida 100 kilovatt quvvatga ega quyosh panellari ham o‘rnatilgan. Kelgusida yana 100 ta yangi ish o‘rni tashkil etish, mahsulot turlarini ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda viloyatda 1 ming 200 ga yaqin qayta ishlash korxonasi faoliyat yuritmoqda.
Prezidentimiz mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, bunday korxonalarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash, mahsulot turlari va ishlab chiqarish hajmini oshirish muhimligini ta’kidladi. Mutasaddilarga bu boradagi tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch shahridagi Xorazm ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi hamda uning hududida tashkil etilgan Kasblar shaharchasiga bordi.
Mamlakatimizda mehnat bozori talablariga mos, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada kasbiy ta’limni ish beruvchilar ehtiyoji bilan uyg‘unlashtirish, ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish va dual ta’limni kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Urganch shahrida tashkil etilgan Xorazm ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi ana shu maqsadlarga xizmat qiladi. Muassasani barpo etish uchun davlat byudjetidan 72,4 milliard so‘m ajratilgan. 5,2 gektar maydonda 1 ming 100 o‘ringa mo‘ljallangan ikkita o‘quv binosi, 300 o‘rinli yotoqxona, sport zali, 200 o‘rinli oshxona hamda zamonaviy jihozlangan ikkita o‘quv ustaxonasi qurilgan.
Texnikumda Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilg‘or ta’lim dasturlari asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Dual ta’lim tizimi nazariy bilimlarni bevosita ishlab chiqarish amaliyoti bilan bog‘lash imkonini beradi.
2026-2027 o‘quv yili uchun 11 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha 200 nafar iqtidorli yosh imtihon asosida saralab olingan. Ta’lim jarayoni ish beruvchilar bilan hamkorlikda tashkil etilib, bitiruvchilarning egallagan kasbi bo‘yicha ish bilan ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Texnikum Xorazm viloyatidagi boshqa kasbiy ta’lim muassasalari uchun ham zamonaviy amaliy baza vazifasini o‘taydi. Hududdagi ta’lim muassasalarining qariyb 4 ming 300 nafar o‘quvchisi bu yerdagi ustaxona va laboratoriyalarda amaliyot o‘taydi. Bunday ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari muassasa hududidagi Kasblar shaharchasini ham ko‘zdan kechirdi. Bu yerda yoshlarning qiziqishi va qobiliyatini erta aniqlash, ularni muayyan kasblarga yo‘naltirish uchun sharoit yaratilgan.
Kasblar shaharchasida “O‘zing yasab ko‘r” tamoyili asosida o‘quvchilar turli zamonaviy uskunalar bilan bevosita ishlab, amaliy ko‘nikmalar hosil qiladi. Transport va logistika, sanoat va qurilish, servis, qishloq xo‘jaligi hamda “yashil” energetika kabi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar qamrab olingan.
Majmua yirik ish beruvchi korxonalar bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Bu yoshlarni kasbga yo‘naltirishdan tortib, ularga amaliy ko‘nikma berish va kelgusida bandligini ta’minlashgacha bo‘lgan yagona tizimni shakllantirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz yoshlarni zamonaviy mehnat bozori talab qilayotgan kasblarga sifatli o‘qitish, ta’lim dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirib borish va bunday tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch xalqaro aeroporti va Xiva temir yo‘l bekatini bog‘laydigan yangi temir yo‘l liniyasi bilan tanishdi.
Mamlakatimizda transport infratuzilmasini rivojlantirish, turli transport turlarini o‘zaro bog‘lash, aholi hamda sayyohlar uchun qulay qatnov tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xorazm viloyatida amalga oshirilgan mazkur loyiha ham shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Qiymati 225 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida Urganch xalqaro aeroporti va temir yo‘l vokzalini bog‘lovchi 11 kilometrlik yangi temir yo‘l liniyasi qurildi. Unda bir bekat, ko‘prik, avtomobil yo‘llari bilan kesishmalar va 25 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etildi.
Yangi yo‘nalish orqali yiliga qariyb 650 ming nafar mahalliy va xorijlik sayyohni tashish imkoniyati yaratildi. Xiva va Urganch o‘rtasidagi qatnov vaqti ikki barobar qisqarib, 80 daqiqadan 40 daqiqaga tushadi. 30 ga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etildi.
E’tiborlisi, aeroport va temir yo‘lni bevosita bog‘laydigan bunday loyiha mamlakatimizda birinchi marta amalga oshirildi. Urganch xalqaro aeroporti – Xiva yo‘nalishida Xitoyda ishlab chiqarilgan CR200J elektropoyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Olti vagondan iborat mazkur elektropoyezd bir vaqtning o‘zida qariyb 400 nafar yo‘lovchini tashish imkoniyatiga ega. U soatiga 160 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi. Vagonlarda VIP, biznes va ekonom-klass o‘rinlari, bepul Wi-Fi, elektron qurilmalarni quvvatlash imkoniyati, zamonaviy konditsioner va isitish tizimlari mavjud. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan.
Davlatimiz rahbari yangi elektropoyezdda Xiva shahriga keldi.
Xivada Prezidentimiz Urganch xalqaro aeroporti va Xiva temir yo‘l vokzalini bog‘laydigan yo‘nalishda qatnovga qo‘yiladigan yangi trolleybuslarni ham ko‘zdan kechirdi.
Joriy yil iyul oyida Xitoydan olib kelingan 10 ta trolleybus zamonaviy avtonom harakatlanish tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, elektr tarmog‘iga ulanmagan holda ham 100 kilometrgacha yo‘l bosishi mumkin.
Har bir trolleybus 87 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Ularda nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar va bolali yo‘lovchilar uchun qulayliklar, USB va Type-C portlari, ichki va tashqi kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Shuningdek, haydovchi holatini kuzatish, harakat yo‘lagidan chiqib ketishdan ogohlantirish va avtomatik yong‘in o‘chirish kabi xavfsizlik tizimlari mavjud.
Ushbu zamonaviy transport vositalarini olib kelish tashabbusi Prezidentimizning o‘tgan yilgi Xorazm viloyatiga tashrifi davomida ilgari surilgan edi.
Davlatimiz rahbari transport turlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish aholi va sayyohlar uchun qulaylik yaratish, yo‘lga ketadigan vaqtni qisqartirish hamda hududning turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Mutasaddilarga yo‘lovchilar uchun xavfsiz va sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida tashkil etilgan Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali va Konfutsiy instituti faoliyati bilan ham tanishdi.
Mamlakatimizda oliy ta’limni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, xorijiy nufuzli universitetlar bilan hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy yo‘nalishlarda malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti va Xitoyning Lyaonin pedagogika universiteti hamkorligida amalga oshirilgan loyiha doirasida yangi ta’lim majmuasi barpo etildi. Uni qurish va jihozlash uchun davlat byudjetidan 140 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu yerda 120 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Majmuada 560 o‘rinli o‘quv bloklari, kutubxona, sport zali, 200 o‘rinli madaniyat saroyi va 118 o‘rinli oshxona mavjud. Ikkinchi to‘rt qavatli binoda 628 o‘rinli auditoriyalar hamda 224 o‘rinli talabalar turar joyi tashkil etilgan.
2026-yil uchun qabul kvotasi 160 nafar etib belgilangan. Kelgusida yillik qabulni 500 nafarga, talabalar sonini esa 2 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Ta’lim kunduzgi va masofaviy shakllarda, o‘zbek, xitoy va ingliz tillarida olib boriladi. Bakalavriat bosqichida “Xalqaro xitoy tili ta’limi”, “Turizm boshqaruvi”, “Xalqaro biznes”, “Sun’iy intellekt”, magistraturada esa “Xitoy tili va madaniyatini o‘qitish metodikasi”, “Ta’lim boshqaruvi”, “Sun’iy intellekt va ta’lim texnologiyalari” yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi.
Filial diplomi O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi. Iqtidorli bitiruvchilarga Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida grant asosida o‘qishni davom ettirish va nufuzli tashkilotlarda stajirovka o‘tash imkoniyati yaratiladi.
Bugungi kunda Xorazm viloyatida xitoylik investorlar ishtirokida umumiy qiymati 2 milliard 343 million dollarlik 38 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Ularda zamonaviy texnologiyalar va xitoy tilini yaxshi biladigan yuqori malakali mutaxassislarga talab yuqori. Yangi ta’lim muassasasi va Konfutsiy instituti ana shu ehtiyojga mos kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz ta’lim dasturlarini iqtisodiyot va mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish, talabalarning zamonaviy texnologiyalar va xorijiy tillarni puxta egallashi uchun barcha sharoitlarni yaratish muhimligini ta’kidladi.
Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbariga yagona milliy turizm platformasi hamda turizm sohasida tadbirkorlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyat va yengilliklar taqdimot qilindi.
So‘nggi yillarda Xorazm viloyatini kompleks rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, tadbirkorlik va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
So‘nggi to‘qqiz yilda yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish uchun viloyatga 7,5 milliard dollar investitsiya kiritildi, 9,7 mingta yangi quvvat ishga tushirildi. Kichik va o‘rta biznes loyihalari uchun 33 trillion so‘mdan ziyod kreditlar ajratildi.
Natijada aholining real daromadlari 2 karra oshdi. Sanoat va qurilishda band bo‘lganlar ulushi 18 foizga, xizmatlar sohasida 55 foizga yetdi. Kambag‘allik darajasi 4,4 foizga tushdi, ishsizlik 2 karra qisqarib, 4,5 foizni tashkil etmoqda. 72 ta mahalla “ishsizlik va kambag‘allikdan holi” hududga aylandi.
Viloyatning transport va turizm infratuzilmasi ham izchil yangilanmoqda. Oxirgi to‘qqiz yilda 280 ta mehmonxona va mehmon uyi qurilib, mehmonxona fondi 4 barobar oshdi, 11 ta yangi turizm maskani ishga tushirildi. So‘nggi besh yilda xorijiy sayyohlar soni 10 karra ko‘paydi.
Xiva shahridagi “Farovon Khiva Hotel” mehmonxonasida Prezidentimiz ishtirokida Xorazm viloyatidagi yangi loyihalarni ishga tushirish va istiqbolli tashabbuslar qurilishiga start berish marosimi bo‘lib o‘tdi.
– Yangi O‘zbekistondagi islohotlarimizning ilk kunlaridan yangi ish o‘rinlarini yaratish va zamonaviy quvvatlarni ishga tushirishni asosiy yo‘nalish sifatida belgilab olganmiz. Shu maqsadda Xorazm viloyati bo‘yicha ham alohida dastur va qarorlarni tasdiqlab, mablag‘ini ham, mas’ullarini ham aniq belgilab, ishlarni tashkil qilyapmiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Agar 2016-yilda Xorazm viloyatiga bor-yo‘g‘i 30 million dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich 2 milliard dollardan oshmoqda.
Yil boshidan Urganch va Xiva shaharlari, Tuproqqal’a va Urganch tumanlarida kimyo, mashinasozlik, qurilish materiallari va turizm yo‘nalishlarida yangi loyihalar uchun zarur sharoitlar yaratildi. Sanoat uchun 195 gektar yer maydonining toifasini o‘zgartirish, elektr va yo‘l infratuzilmasini yaxshilash uchun 100 milliard so‘m mablag‘ ajratish masalalari hal etildi.
Shuningdek, Mustaqillik bayrami arafasida Urganch xalqaro aeroportidan Xivagacha elektrlashgan temir yo‘l liniyasi foydalanishga topshirildi. Urganch – Xiva pullik avtomobil yo‘li ham ishga tushirilmoqda. Bu mamlakatimizdagi birinchi pullik avtomobil yo‘li bo‘ladi. U orqali Urganchdan Xivaga yetib borish vaqti 45 daqiqadan 20 daqiqaga qisqaradi.
– Bu ishlarimizning davomi sifatida bugun sizlar bilan 176 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushiramiz. Shuningdek, xorijiy hamkorlar ishtirokida barpo etiladigan 7 milliard 424 million dollarlik 15 ta yangi quvvat qurilishiga start beramiz, – dedi Prezident.
Jumladan, Tuproqqal’a tumanida Birlashgan Arab Amirliklaridagi hamkorlar bilan umumiy qiymati 6 milliard dollarlik ekologik aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Loyihaga Xitoyning “Sinopec” kompaniyasi jalb etilgan bo‘lib, yer maydonini tayyorlash va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish ishlari boshlangan.
Slovakiyalik hamkorlar bilan 5 ming gektar qumli yerni o‘zlashtirish va 170 million dollarlik bioetanol ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejalashtirilgan. Hozirning o‘zida 1,5 ming gektar maydonda amaliy ishlar boshlangan.
Urganch shahrida yaponiyalik hamkorlar bilan 30 million dollarlik 250 o‘rinli mehmonxona va savdo-ko‘ngilochar majmuasi barpo etilmoqda. Uni 2027-yilda to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.
Saudiyalik hamkor bilan viloyat markazida zamonaviy qozonxona qurilib, 183 ta ko‘p qavatli uy va 37 ta ijtimoiy ob’ektni issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlash quvvatlari yaratiladi. Turkiyalik hamkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida oftalmologiya klinikasi tashkil etiladi.
Urganch tumanida koreyalik investorlar ishtirokida respublikada ilk bor chiqindilarni yopiq sikl asosida qayta ishlab, 71 megavatt “yashil” energiya ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Unga 100 million dollar investitsiya kiritiladi.
Shuningdek, Xiva shahriga tutash 26 gektar maydonda 120 million dollarlik “Sahro yulduzi” zamonaviy turistik majmuasi, Urganch tumanida 26 million dollarlik mis sanoati klasteri va 60 million dollarlik optik tolali kabellar ishlab chiqarish korxonasi barpo etiladi.
Al-Xorazmiy shaharchasida 5 ming talabaga mo‘ljallangan zamonaviy universitet, mehmonxona, dam olish va savdo majmualari, Urganch shahrida esa “Investorlar uyi” binosi quriladi.
Umuman, ushbu loyihalar natijasida 6,6 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari mazkur loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlar va jamoatchilik vakillariga minnatdorlik bildirdi.
Prezident ramziy tugmani bosib, yangi loyihalarni ishga tushirdi va qurilish ishlariga start berdi. Investorlar va faollar bilan samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Xiva shahrida barpo etilishi rejalashtirilgan xalqaro turistik shaharcha loyihasi taqdimoti bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda Xorazm viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlarga zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish va ularning hududda qolish muddatini uzaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Oxirgi to‘qqiz yilda viloyatda 280 ta mehmonxona va mehmon uyi qurilib, mehmonxona fondi 4 barobar oshdi, 11 ta yangi turizm maskani ishga tushirildi. So‘nggi besh yilda xorijiy sayyohlar soni 10 karra ko‘paydi.
Yangi turistik shaharcha tarixiy meros va zamonaviy shaharsozlik yechimlarini uyg‘unlashtirgan holda barpo etiladi. Uning me’moriy konsepsiyasini ishlab chiqishda Xorazmning ko‘p asrlik shaharsozlik an’analari, jumladan, 1511-yilda Xiva xonligining ilk poytaxti bo‘lgan qadimiy Vazir shahrining tarixiy tuzilishi va ko‘chalar tarmog‘i asos qilib olingan.
Umumiy maydoni 12,3 gektar bo‘lgan majmuada mehmonxonalar, tarixiy va zamonaviy eksponatlar namoyish etiladigan muzey, milliy va xalqaro taomlar restoranlari, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari joylashadi.
Hududning salmoqli qismi yashil maydonlar va sayr yo‘laklariga ajratiladi. Sharsharali favvoralar va ichki ariqlar tashkil etiladi. Avtoturargohlarda quyosh panellari o‘rnatilgan soyabonlar barpo etilishi ham ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlanganidek, Xorazmda transport-logistika va turizm infratuzilmasi izchil rivojlanayotgani sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, zamonaviy turistik majmualarni ko‘paytirish, xizmatlar turini kengaytirish va sayyohlarning hududda qolish muddatini uzaytirish muhim ahamiyatga ega.
Yangi shaharcha Ichan-qal’aga tushayotgan turistik yuklamani kamaytirish, sayyohlar uchun yangi yo‘nalish va xizmatlarni taklif etishga xizmat qiladi. Loyiha doirasida minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi, aholi uchun avtomobillar harakatidan xoli yashil dam olish hududlari barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida yangi barpo etilgan Kongress-xoll, uch yulduzli mehmonxona hamda “Xiva Ichan qal’a” qabullar uyi faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur ob’ektlar davlatimiz rahbarining 2026-yil 30-apreldagi tegishli hujjati asosida barpo etildi. Ularning ishga tushirilishi natijasida qariyb 2 mingta yangi ish o‘rni yaratish, yiliga 50 ming nafar sayyohga mehmonxona xizmati ko‘rsatish va xizmatlar eksportini 4 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Zamonaviy premium uslub va Xorazm milliy me’morchiligi elementlari uyg‘unligida qurilgan Kongress-xoll xalqaro anjumanlar, biznes-konferensiyalar, hukumatlararo muzokaralar va madaniy forumlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan.
Umumiy maydoni 1,9 gektar bo‘lgan majmuani barpo etish uchun 857 milliard so‘m byudjet mablag‘lari yo‘naltirilgan. Atrofida keng yashil hududlar va xiyobonlar tashkil etilib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.
Kongress-xollga tutash hududda xalqaro anjumanlar ishtirokchilari va sayyohlarga qulay sharoit yaratish maqsadida uch yulduzli mehmonxona ham qurildi. Qiymati 169 milliard so‘m, umumiy maydoni 1,6 gektar bo‘lgan loyiha doirasida 60 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
To‘rt qavatli mehmonxonada 310 o‘ringa mo‘ljallangan 156 ta xona, keng vestibyul, resepshn, restoran-bar, bolalar xonasi va terrasa mavjud. Shuningdek, yopiq basseyn, fitnes va vellness hududlaridan iborat sog‘lomlashtirish zonasi tashkil etilgan.
Mehmonxonadan Kongress-xoll binosiga, “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘i va hunarmandlar rastalariga yashil sayr yo‘laklari orqali bir necha daqiqada piyoda yetib borish mumkin.
Davlatimiz rahbari “Xiva Ichan qal’a” qabullar uyini ham ko‘zdan kechirdi. Umumiy maydoni 2 gektar bo‘lgan mazkur majmua rasmiy tadbirlar o‘tkazish va xorijiy delegatsiyalarni qabul qilishga mo‘ljallangan. Loyiha qiymati 260 milliard so‘mni tashkil etadi.
Bino me’morchiligida Xorazmga xos mahobatli yog‘och o‘ymakorligi ustunlari, ganchkorlik san’ati, ko‘k va firuza rangli koshinlardan keng foydalanilgan. Qabullar uyi atrofida vohaning boy tarixini aks ettiruvchi fotoko‘rgazmalar va milliy hunarmandchilik ustaxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbari Xorazm viloyati jamoatchiligi vakillari bilan samimiy muloqot qildi. Suhbatda keyingi yillarda vohada ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlar, odamlarning turmush tarzi va tafakkuridagi yangilanishlar haqida so‘z bordi. Qadimiy Xorazm zaminida Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik, taraqqiyot va yangilanish ruhi tobora yaqqol namoyon bo‘layotgani ta’kidlandi. Viloyatning boy tarixi va an’analarini asrab-avaylagan holda uni zamonaviy, obod va farovon hududga aylantirish yo‘lidagi ishlar izchil davom ettirilishi qayd etildi.
Prezident ushbu majmualardan samarali foydalanish, Xivada yirik xalqaro tadbirlarni ko‘paytirish, sayyohlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Abdulaziz RUSTAMOV,
Ahmadjon SHOKIROV,
O‘zA maxsus muxbirlari