Xorazmda suv ta’minoti yaxshilanmoqda
So‘nggi yillarda mamlakatimizda hududlardagi suv ta’minotini yaxshilash borasida katta amaliy ishlar bajarilmoqda. Xorazm viloyatida ham bugungi kunda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 91.6 foizni tashkil etmoqda.
Bu, albatta, hukumatimizning aholi turmush darajasini yuksaltirishga qarata qabul qilgan ko‘plab davlat dasturlarining hayotga tatbiq qilinishi samarasidir.
Birgina investitsiya dasturiga asosan viloyatda 31,3 km ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortildi. Xususan, ushbu dastur doirasida Xiva tumani Qumyop mahallasida ichimlik suvi tarmoqlarini va Arvik suv tarqatish inshootini rekonstruksiya qilish loyihasiga asosan 21,57 km ichimlik suvi tarmog‘i yotqizildi.
–O‘tgan yil sarhisoblariga ko‘ra, viloyatda aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida sezilarli yutuqlarga erishildi, – deydi “Xorazm suv ta’minoti” AJ raisi o‘rinbosari Hamid Masharipov. –Xususan, tegishli davlat dasturlari asosida viloyatimizda 138 kilometrdan ortiq ichimlik va oqova suv tarmoqlari yangidan tortildi. Qo‘shko‘pir tumanida ham aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida suv tozalash inshooti yangidan qurilmoqda. Tuproqqal’a tumani, Urganch va Xiva shaharlarida suv tozalash inshootlari rekonstruksiya qilinmoqda.
Joriy yilda Gurlan tumanida ham kuniga 50 ming metr kub suvni tozalash quvvatiga ega bo‘lgan ichimlik suvini tozalash inshooti qurilishi boshlanadi. Ayni damda qurilish ishlariga mas’ul bo‘lgan pudratchi tashkilotlar aniqlanmoqda.
Oqova bu suvning ikkinchi hayotidir. Korxonalarda ishlab chiqarishdan so‘ng, shuningdek, aholi punktlaridan chiqadigan, kimyoviy moddalar bilan zaharlangan suvlar, kanalizatsiya suvlari bir necha tozalash bosqichlarini talab etadi. Zero, ularning tozalanmasdan tabiatga chiqarib tashlanishi ekologik inqirozni kuchaytirish, insonlar hayoti, sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Xorazm viloyatida oqova suvlarni tozalaydigan yagona ana shunday inshoot Xonqa tumani Do‘stlik mahallasida joylashgan. Mazkur inshoot kuniga 4 metr kub oqova suvlarni tozalash quvvatiga ega.
– Mazkur suv inshooti 2023 yilda Yevropa standartlari asosida qurib bitkazildi va foydalanishga topshirildi. – deydi “Xorazm suv ta’minoti” AJ ga qarashli oqova suv inshooti bo‘lim boshlig‘i Ilhom Sultonov. – Ayni damda tumanimizdagi 28 ming aholiga xizmat ko‘rsatadi. Inshootning asosiy uskunalar hamda mexanizmlari, ya’ni nasos qurilmalari, xavo haydash agregatlari, mexanik panjaralar, birlamchi va ikkilamchi tindirgichlar uchun quyqani yig‘ish va tortish mexanizmlari, aeratsiya tizimlari va elektr uskunalarining barchasi avtomatlashgan tizim orqali boshqariladi. Kimyobakteriologik laboratoriya ham yangi zamonaviy asbob va uskunalar bilan ta’minlangan. Bu yerda oqova suvning tarkibi doimiy ravishda o‘rganilib, tahlillar olib boriladi.
[gallery-21436]
Xullas, Xorazm viloyatida aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash borasida bir qator ijobiy ishlar olib borilmoqda. Biroq farovon yashashimiz uchun turli xil mahsulotlarga ehtiyojlarimiz ortayotgan bir paytda ularni ishlab chiqarishga, yetishtirishga ketayotgan suvning ham miqdori ortmoqda. Shu sababdan obi hayotning har bir tomchisini qadrlashni, uni tejab ishlatishni kanda qilmasligimiz lozim.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari