Xorazmda "Saylov va yoshlar" forumi
Yoshlarning mamlakat kelajagi uchun muhim bo‘lgan siyosiy jarayonlarda faol ishtiroki katta ahamiyatga ega. Shu maqsadda yurtimizning barcha hududlarida yoshlarning huquqiy bilimlarini boyitishga qaratilgan “Saylov va yoshlar”forumi o‘tkazilmoqda.
Bu yilgi saylovlarda Xorazm viloyatidan jami 1 milliondan ziyod saylovchining 31 ming 505 nafarini saylovda birinchi marotaba ishtirok etadigan yoshlar tashkil etadi. Shu munosabat bilan viloyatdagi istirohat bog‘lari, madaniyat markazlari kabi yoshlar ko‘p to‘planadigan joylarda ularning huquqiy savodxonligi va elektoral madaniyatini yuksaltirish, shuningdek, saylov qonunchiligidagi islohotlarni tushuntirishga qaratilgan “Saylov va yoshlar” forumi o‘tkazilmoqda.
Tadbirlarda viloyat markazidan tortib, eng chekka hudud Tuproqqal’a tumanidagi yoshlar ham birdek konstitutsion huquqlaridan foydalanib, saylovlarda faol ishtirok etishini bildiryapti.
[gallery-19907]
–Bu yil deputatlar saylovida birinchi marotaba ovoz beraman, – deydi yosh saylovchi Maftuna Ochilava. – O‘zim talabaman. Shuningdek, kitobxon bo‘lganligim uchun ham kitobxonlarni qo‘llab-quvvatlaydigan, yoshlarga imkoniyatlar yaratishda tashabbuslar ko‘rsatadigan nomzodga va partiyaga ovoz bermoqchiman.
Forum ishtirokchilariga “Ye-Saylov” tizimi, “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Qizlar akademiyasi”, “UzChess” kabi platformalar haqida ma’lumotlar berilib, “Zakovat”, “Yosh saylovchi”, “Bilasizmi?” intellektual o‘yinlari o‘tkazilmoqda. “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarida g‘olib bo‘lgan yoshlar rag‘batlantirilyapti.
–Yaqinda nufuzli tanlovda g‘olib bo‘ldim, – yosh saylovchi Dilmurod Tojiboyev. – Yana kelajakda bundanda katta loyihalarda g‘olib bo‘lish istagim bor. 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda ovoz berishimiz kelajakda ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘lishimizda yana bir muhim qadam sanaladi. Men o‘zim ham saylovda qatnashaman va boshqa tengdoshlarimni ham bu jarayonda faol bo‘lishga chorlab qolaman.
Mazkur targ‘ibot loyihalari tuman va shaharlarda davom etib, yoshlarga saylov qonunchiligidagi islohotlarni tushuntirishga xizmat qilyapti.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari