Xorazmda koreys diasporasi va ikki xalq do‘stligining tarixiy ildizlari
O‘tmishni o‘rganamiz
Mazkur maqolada sovet totalitar tuzumining 1930-yillarda amalga oshirgan ommaviy siyosiy qatag‘onlari va koreys diasporasining Markaziy Osiyoga, jumladan, Xorazm viloyatiga deportatsiya qilinishi jarayonlari ilmiy-tarixiy manbalar va arxiv hujjatlari asosida tahlil etilgan. Shuningdek, Gurlan tumani misolida ko‘chirib keltirilgan koreys aholisining ijtimoiy-maishiy ahvoli, duch kelgan qiyinchiliklari va soxta ayblovlar bilan repressiya qilingan shaxslarning taqdiri yoritilgan.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib, yangi strategik bosqichga ko‘tarilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli munosabatlarni yanada mustahkamlashda muhim tarixiy qadam bo‘ldi.
Seul shahrida o‘tkazilgan oliy darajadagi muzokaralar, parlament rahbarlari, hukumat va yirik biznes vakillari bilan uchrashuvlarda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilm-fan, texnologiya va madaniy-gumanitar sohalardagi sheriklikni chuqurlashtirish masalalari keng muhokama qilindi. Shuningdek, birinchi «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» sammiti doirasida mintaqaviy integratsiya va istiqbolli loyihalar belgilab olindi.
Ushbu chuqur siyosiy va madaniy yaqinlashuvning ildizlari asr boshlariga, aniqrog‘i, tarixning sinovli va murakkab davrlarida tarixiy taqdir taqozosi bilan O‘zbekistonga ko‘chirib keltirilgan koreys diasporasining mashaqqatli yo‘li va o‘zbek xalqining insonparvarligi va qo‘llab-quvvatlashiga borib taqaladi.
XX asrning 30-yillari oxirida sovet totalitar tuzumi tomonidan amalga oshirilgan ommaviy qatag‘onlar sobiq Sovet Ittifoqi hududida istiqomat qiluvchi ko‘plab etnik guruhlar va turli millat vakillariga nisbatan og‘ir oqibatlarni keltirib chiqardi. Xususan, koreys diasporasi uchun bu davr majburiy ko‘chirish, og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar, huquqiy cheklovlar hamda soxta siyosiy ayblovlar bilan kechgan ta’qiblar davri sifatida tarixda muhrlanib qoldi.
XX asrning 30-yillari o‘rtalariga kelib sovet markaziy rahbariyati tomonidan yuritilgan agressiv millatlararo siyosat hamda “chegara hududlarini tozalash” konsepsiyasi bahonasida yuz minglab insonlar o‘zlarining tug‘ilib o‘sgan hududlaridan majburan ko‘chirildi.
Primore o‘lkasida 1876-yildagi koreys-yapon shartnomasi va 1905-yildagi rus-yapon urushidan so‘ng Koreyadan ko‘chib o‘tgan juda ko‘p koreyslar yashardi.
1937-yil kuzidagi sovet koreyslarining deportatsiyasi SSSR tarixidagi butun bir xalqning birinchi ommaviy surguni bo‘ldi.
Jarayon SSSR Xalq Komissarlari Kengashi va VKP MKning 1937-yil 21-avgustdagi maxsus yopiq qarori bilan rasmiylashtirildi. Unga ko‘ra, Rossiyaning Uzoq Sharq mintaqalarida yashovchi 172 mingdan ortiq etnik koreys geosiyosiy kon’yunktura va oldindan gumon qilish ostida “hukumatga sodiq bo‘lmagan etnik guruh” sifatida tasniflandi hamda Markaziy Osiyoga – asosan O‘zbekiston va Qozog‘iston sovet sotsialistik respublikalariga majburan ko‘chirildi.
Bu siyosat geopolitik omillar – 1937-yil 7-iyulda Yaponiyaning Xitoyga bostirib kirishi va Koreyaning Yapon imperiyasi mustamlakasi ekani bilan izohlandi. SSSR Ichki ishlar xalq komissariatining 1937-yil 20-sentabrdagi buyrug‘iga muvofiq, Yaponiyaga qaram bo‘lgan Manchjou-Go davlati sobiq fuqarolari va Xitoy-Sharqiy temir yo‘li xizmatchilari ham qatag‘on nishoniga aylandi.
Arxiv manbalarining tahlili ko‘rsatishicha, 1937-yilning oktabr-noyabr oylarida O‘zbekiston SSR hududiga jami 16 ming 307 oila, 74 ming 500 nafar koreys aholisi deportatsiya qilingan. Ularning ma’lum bir qismi Xorazm vohasiga joylashtirilib, jumladan, Gurlan tumaniga 1 ming 197 ta oila, 5 ming 799 nafar shaxs ko‘chirib keltirildi. Bu jarayon respublikada hukm surgan og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz, oziq-ovqat tanqisligi, uy-joy va kommunal infratuzilmaning nochorligi sharoitida kechdi.

Ko‘chirib keltirilgan koreys aholisini moslashtirish va joylashtirish asosan Xorazm viloyatining Gurlan tumani hududida, xususan, Akkum massivida amalga oshirildi. Mavjud arxiv fondlari hujjatlari va dala tadqiqotlari materiallari shuni tasdiqlaydiki, deportatsiya qilinganlar uchun turarjoy qurilishi davlat tomonidan tizimli tarzda rejalashtirilgan va moliyaviy mablag‘lar ajratilgan bo‘lsa-da, amaliyotda mazkur ko‘rsatmalar bajarilmagan. Ko‘plab koreys oilalari vaqtinchalik moslashtirilgan sovuq binolarda, qamish va shox-shabbalardan yasalgan boshpanalarda yoki yarim vayrona xo‘jalik inshootlarida sovuq va og‘ir turmush mashaqqatlari ostida yashashga mahkum etildilar.

Oziq-ovqat ta’minotining past darajada ekanligi, tibbiy-sanitariya xizmatining yomonligi va ta’lim muassasalarining mutlaqo yetishmasligi deportatsiya qilingan aholi ahvolini yanada murakkablashtirdi. Shunga qaramay, koreys etnosi vakillari qisqa muddat ichida Xorazmning tabiiy-iqlim sharoitiga moslashib, qishloq xo‘jaligida, xususan, sholichilikni rivojlantirishda yetakchi o‘rin tutdilar. Ular Gurlan tumanidagi kolxoz va sovxozlarda faol mehnat qilib, sholi va paxta yetishtirishda yuqori natijalar ko‘rsatdilar.

Majburiy deportatsiya va ma’muriy-huquqiy cheklovlar bilan cheklanib qolmasdan, 1938-yilga kelib Gurlan tumanida va umuman Xorazm vohasida istiqomat qilayotgan koreys millati vakillariga nisbatan ommaviy siyosiy qatag‘onlarning yangi to‘lqini boshlab yuborildi. SSSR Ichki ishlar xalq komissariati hududiy organlari tomonidan ularga nisbatan asosan “aksilinqilobchi”, “yapon josuslik tarmog‘i bilan aloqada bo‘lgan”, “sovet hokimiyatiga qarshi targ‘ibot-tashviqot olib borgan” degan soxta, o‘ylab topilgan va asossiz ayblovlar qo‘yildi. Sovetlarning qatag‘on tizimi mehnatkash dehqonlar, ziyolilar va hattoki oddiy xizmatchilarni ham chetlab o‘tmadi.
O‘zbekiston Respublikasining turli arxivlari, Xorazm viloyatidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi ilmiy fondida saqlanayotgan hujjatlar 1930-yillar oxirida nohaq jazolangan koreys millati vakillarining fojiali taqdirini ochib beradi:
– Soy Sun Min – 1889-yilda tug‘ilgan, kolxozchi. 1938-yilda “aksilinqilobchi” sifatida asossiz ayblanib hibsga olingan. O‘n yillik qamoq jazosidan so‘ng, 1989-yil 14-noyabrda rasman oqlangan.
– Soy Don Gu – 1897-yilda tug‘ilgan. 1938-yil 25-fevralda hibsga olingan, 1989-yil 12-sentabrda oqlangan.
– Soy Men Dyun (Soy Miron) – 1897-yilda tug‘ilgan, kolxozchi, 1939-yil 7-martda qamalgan, 1990-yil 5-sentabrda oqlangan.
– Soy Sek Xvan – 1881-yilda tug‘ilgan. 1938-yil 23-mayda hibsga olingan, 1990-yil 19-mayda oqlangan.
– Soy Tya Yun –1899-yilda tug‘ilgan. 1938-yil 11-aprelda qamalgan, 1990-yil 3-mayda oqlangan.
– Cha Xon Do – 1897-yilda tug‘ilgan. 1937-yilda Uzoq Sharqdan deportatsiya qilingan. Kolxozchi. 1938-yil 23-mayda qamalib, 1990-yil 1-noyabrda oqlangan.
Bu ro‘yxat uzun va ular haqidagi ma’lumotlar arxivlarda saqlanmoqda.
Ushbu shaxslarning aksariyati SSSRdagi “qayta qurish” davrining siyosiy reabilitatsiya jarayonlari doirasida 1989-1991-yillarda oqlanganlar.
Koreys diasporasi vakillarining 1930-yillardagi fojiali tarixiy qismati sovet totalitar tuzumining etnik guruhlar taqdiriga nisbatan yuritgan shovinistik va mustabid siyosatining tarixiy dalili hisoblanadi. Huquqiy asosga ega bo‘lmagan deportatsiya va ommaviy siyosiy qatag‘onlar minglab begunoh insonlarning taqdirini izdan chiqardi hamda butun boshli oilalarni parchalab yubordi.
Shunday qilib, 1937-yilgi deportatsiya rasman Yapon imperiyasi ayg‘oqchiligiga qarshi chegara xavfsizligini ta’minlash bahonasi bilan amalga oshirilgan bo‘lsa-da, mohiyatan totalitar tuzumning strategik chegaralarni etnik jihatdan “tozalash” va majburiy mehnat resurslari orqali yangi yerlarni o‘zlashtirishga qaratilgan siyosatining natijasi edi.
Deportatsiyaning og‘ir va ayanchli oqibatlariga qaramay, o‘zbek aholisining, shu jumladan. gurlanliklarning yuksak insonparvarligi ko‘chirib keltirilgan koreys xalqining omon qolishida va yangi muhitga tez moslashuvida hal qiluvchi rol o‘ynadi. O‘z navbatida, koreys diasporasi O‘zbekistonni o‘zlarining chin Vatani sifatida qabul qilib, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shdi.
Bugungi kunda ushbu tarixiy xotira va minnatdorlik tuyg‘usi O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik hamda mustahkam do‘stlik aloqalarining ma’naviy va madaniy poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.
Zamonaviy ilmiy-tarixiy tadqiqotlar doirasida mazkur fojiali sahifalarni xolisona o‘rganish, arxiv fondlarida unutilib ketgan har bir inson ismini ilmiy muomalaga qayta kiritish, qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning ustuvor tarkibiy qismidir.
Bu ilmiy-tarixiy yondashuv mazkur jarayonlarning asl mohiyatini ochib berish hamda yosh avlodni tinchlik, bag‘rikenglik va huquqiy demokratiya qadriyatlari ruhida tarbiyalash yo‘lidagi muhim nazariy saboq bo‘lib xizmat qiladi.
Yulduzxon Rahmonova,
O‘zbekiston tarixchilar jamiyati Xorazm viloyat bo‘limi raisi,
Osiyo xalqaro universiteti Ijtimoiy fanlar va filologiya kafedrasi mudiri, tarix fanlari nomzodi, professor.
O‘zA