Xorazmda Konstitutsiya kuni keng nishonlandi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan barcha hududlarda bo‘lgani kabi Xorazm viloyatida ham turli tadbirlar tashkil etildi.
Urganch shahridagi Xorazm viloyat drama teatrida “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” bosh g‘oyasi asosida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlariga qaratilganini ta’kidlab, barchani ayyom bilan qutladi.
Tantanali tadbirda bayram munosabati bilan inson huquq va erkinliklari, mulkiy huquqlarining ishonchli himoyasini ta’minlash, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, aholiga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, jamoat xavfsizligi, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, huquq - tartibot hamda qonuniylikni mustahkamlash borasida ko‘p yillik samarali mehnati va fidoiyligi uchun bir guruh eldoshlarimiz viloyat hokimligi tomonidan rag‘batlantirildi.
[gallery-14970]
Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyamizda davlatimiz va jamiyatimiz rivojining asosiy mezon va demokratik tamoyillari belgilab berilgan. Davr talabi bilan unga kiritilgan o‘zgartirishlar ham shubhasiz, yurtimiz ravnaqi va fuqarolarimiz manfaatlariga xizmat qiladi.
Tadbirning badiiy qismida el suygan san’atkorlar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, Vatanni madh etuvchi kuy va qo‘shiqlar, milliy va zamonaviy raqslar namoyish etildi.
***
Urganch shahridagi Amir Temur istirohat bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Konstitutsiya ko‘chasi” tashkil etildi.
Ko‘chada sozanda va san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari yangradi. Tashkil etilgan “Adliya huquqiy marshi”da har bir davlat organlari, idora tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalarining o‘z burchaklari tashkil etildi hamda fuqarolarga huquqlari bevosita soha egalari tomonidan tushuntirildi.
Tadbirni tashkil etishdan asosiy maqsad “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyatini, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga o‘tilganini aholi, ayniqsa, yoshlarga tushuntirishdan iborat. Mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini ta’minlash, ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, oila, onalik, bolalik va otalikni himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati keng targ‘ib qilindi.
Tadbirdi mingdan ortiq aholi vakillari va yoshlar ishtirok etdi. Ular o‘zini qiziqtirgan savollarga shu yerdagi soha mutaxassislaridan batafsil javob oldi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/rToctwBXX0M" title="Xorazmda Konstitutsiya kuni keng nishonlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(video), O‘zA muxbirlari