Xorazmda futzal bahslari o‘tmoqda
O‘zbekiston chempionati oliy ligasining 2-tur bahslariga Xorazm viloyatining Urganch shahri mehmonlik qilmoqda.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishganining 5-yilligida, ya’ni 1996 yil ilk bor futzal bo‘yicha O‘zbekiston chempionati tashkil etilgan bo‘lib, 1996-1997 yilgi mavsumda futzal bo‘yicha O‘zbekistonning ilk chempionati birinchi chempioni aynan Xorazm viloyati vakili – Xiva shahrining “R.Madaminov” nomli jamoasi bo‘lgan edi. Ushbu jamoa shundan keyin yana 3 marotaba kumush va 1 marotaba bronza medallariga sazovor bo‘lgan. Bir bor O‘zbekiston kubogini qo‘ga kiritgan.

Afsuski, keyingi yillarda Xorazmda katta futbol, mini-futbol va futzalga ham e’tibor sustlashdi. Natijada ushbu chempionatlar yuqori dvizionlarining birortasida voha jamoalari ko‘rinmaydi.

Xoazm viloyatida oxirgi marotaba 2005 yilda futzal bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bahslari bo‘lib o‘tgan ekan. Oradan 17 yil o‘tib, Urganch sport saroyi yana futzal ishqibozlari bilan gavjum. Endi Xorazm futboliga rahbariyatning e’tibori o‘zgarib, voha jamoalari ham yaqin yillarda O‘zbekiston chempionligiga asosiy davogarlar safiga qo‘shiladi.
Urganchda o‘tayotgan futzal bo‘yicha O‘zbekiston chempionati oliy ligasi bahslari esa qizg‘in davom etmoqda. Har galgidek oliy liganing 12 ta eng kuchli futzal jamoasi 2 guruhga bo‘lingan holda bahslarda ishtirok etmoqda. 1-guruhdan joy olgan 6 jamoa 2-tur o‘yinlarini o‘tkazdi.
O‘zbekistonning amaldagi chempioni va kubogi soxibi Jizzax shahrining “JIZZAX-KENTEKS” klubi 2-turning har 3 uchrashuvida ishonchli g‘alabalarni qo‘lga kiritdi.

Bahodir Ahmedov shogirdlari 2-turning ilk bahsida Buxoro viloyati Kogon shahrining “OIL STAR” jamoasini 4:1 hisobida dog‘da qoldirgan bo‘lsa, 2-bahsda Farg‘onaning “Neftchi” jamoasini 11:2 hisobida tor-mor etdi. 3-uchrashuvda esa jizzaxliklar Chirchiqning “Maksam-Chirchiq” jamoasi darvozasiga 6 ta javobsiz to‘p yo‘llab, yirik 6:0 hisobida zafar quchdi.
1-guruhdagi qolgan o‘yinlarda quyidagi natijalar qayd etildi: AGMK (Olmaliq) – “Maksam-Chirchiq” (Chirchiq) – 5:1, “Neftchi” (Farg‘ona) — BMB (Toshkent) – 0:8, BMB – “Maksam-Chirchiq” – 6:2, AGMK – “OIL STAR” – 2:2, “Neftchi” – AGMK – 3:7.

1-guruh klublari 2-tur uchrashuvlarini yakuniga yetkazgan bo‘lsa, kuni kecha 2-guruhning qolgan 6 jamoasi bahslarga kirishdi.
2-turning ilk bahsida Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi Namanganning “Navbahor” klubini yirik – 10:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, Bekobodning “Metallurg” futzalchilari Qarshining “Nasaf” jamoasini – 7:4 hisobida yengdi. Toshkent “derbisi” nomini olgan “Paxtakor” va “Bunyodkor” bahsida yakuniy hisob – 1:3 “Bunyodkor” foydasiga hal bo‘ldi.

2-guruh jamoalari Urganch shahridagi sport saroyida 2-turning navbatdagi bahslarida ishtirok etadi.
A.Qayumov, O‘zA