Xorazm viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Bog‘ot tumanidagi To‘pchi mahallasida ichki xo‘jalik yo‘llariga qum-shag‘al aralashmasi yotqizish ishlarini tashkil etish bo‘yicha o‘quv amaliy mashqi o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov ishtirok etdi.
Bu yil tumanda barcha dasturlar doirasida 45 km umumfoydalanuvdagi va 45 km ichki yo‘llar ta’mirlanadi. Shundan ichki yo‘llarning 15 km qismiga asfalt, 30 km qismiga shag‘al yotqiziladi.
[gallery-21621]
Hudud infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsadida elektr, tabiiy gaz va ichimlik suvi tarmoqlarini ta’mirlash, ko‘chalarni obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.
Tadbir davomida mahalla ahli uchun bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi va chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil qilindi.
***
Xorazm viloyati prokuraturasi ishchi guruhi tomonidan Gurlan tumanida kambag‘al oilalar turmush tarzi, ularga biriktirilgan rahbarlar faoliyati, migratsiyadan qaytgan va ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash hamda yoshlar bilan ishlashning ahvoli o‘rganildi.
Tumanda jami migratsiyadan qaytgan 9.314 nafar fuqaroning 4.585 nafarining yoki 49,2 foizining bandligi ta’minlangan bo‘lib, qolgan 4.729 nafar fuqarolarning bandligini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
O‘rganish davomida tumanning 2-sektor hududidagi mahallalarida istiqomat qiluvchi og‘ir ahvoldagi oilalar xonadoniga borilib, davlat dasturi doirasida ular bilan olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi.
Bundan tashqari, mahallalardagi ehtiyojmand oilalarning yashash sharoitlari, ajratilgan subsidiya va imtiyozli kreditlarning maqsadli ishlatilganligi, ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalarning reyestrga kiritilishi va chiqarilishining qonuniyligi hamda boshqa holatlar o‘rganildi.
***
Xiva shahri hokimi Timur Davletov «Nurullaboy» istirohat bog‘idagi obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Shuningdek, kelgusi rejalar muhokama qilindi va fuqarolar uchun yanada qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha takliflar berildi.
Shahar markazida joylashgan ushbu maskan eng zamonaviy dam olish va istirohat bog‘i bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi. Istirohat bog‘ida zamonaviy attraksionlar o‘rnatish, milliy-madaniy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
***
O‘z vaqtida o‘tkaziladigan tibbiy ko‘rik doimo sog‘lom bo‘lib yurish imkoniyatini yaratadi.
Yangiariq tumanidagi "Gulobod" hududida joylashgan oilaviy shifokorlik punktida tuman prokurori tashabbusi bilan ushbu hududdagi migrantlar bilan birga hudud aholisi uchun tuman tibbiyot birlashmasi tor soha mutaxassislarini jalb qilgan holda sayyor tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Asosiy e’tibor aholi orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, fuqarolarning tibbiy bilim va madaniyatini oshirish, kasalliklarni ilk davrida aniqlash va davolash choralarini ko‘rishga qaratildi.
Keksa bemorlar, tug‘ruq yoshidagi onalar va chaqaloqlar holidan xabar olindi va kerakli tavsiyalar berildi.
Bu kabi tibbiy ko‘riklar tumanning barcha hududlarida o‘tkazilishi belgilangan.
***
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Bog‘ot tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan I.S. fuqaro X.M.dan 6 000 AQSH dollarini 77,4 mln so‘mga sotib olgan vaqtida ushlanib, tadbir jarayonidan I.S.dan 103 915 Rossiya rubli, 300 AQSH dollari, 30 ming qozoq tengesi, 770 ming so‘m pullar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
***
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Xorazm hududiy filiali tomonidan viloyatning barcha hududlarida elektr energiyasiga o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlarini o‘rganish va elektr hisoblagichga qonuniy tartibda ulanish holatlarini va hisoblagichdan tashqari ulangan uskunalarning mavjudligini aniqlash maqsadida tungi reyd tadbiri o‘tkazildi.
Reyd tadbiri davomida Urganch tumani Qo‘ng‘irot mahallasida joylashgan "Shoxona sifat" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli issiqxonada elektr energiyasining elektr hisoblagichga ulanish sxemasidan o‘zboshimchalik bilan buzib foydalanish holati aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, belgilangan tartibda chora ko‘rish maqsadida tegishli tashkilotlarga taqdim qilinmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri