Xorazm viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov Bog‘ot, Xonqa, Yangiariq, Hazorasp va Tuproqqal’a tumanlari tadbirkorlari bilan uchrashdi.
Dastavval viloyat hokimi mazkur hududlarda joriy yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishib, loyihalarni belgilangan muddatlarda va sifatli, zamon talablariga mos ravishda amalga oshirish bo‘yicha qator topshiriqlar berdi.
[gallery-21505]
Shundan so‘ng tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil qilinib, tadbirkorlik sub’ektlari vakillarining muammoli masalalari yuzasidan murojaatlari tinglandi, taklif va tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, yangi biznes loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi.
***
Xorazm viloyatida o‘smir yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va harbiy chaqiriqqa tayyorlash maqsadida Urganch shahrida joylashgan harbiy qism bazasida "Jasorat maktabi" harbiy-vatanparvarlik o‘quv yig‘inining navbatdagi bosqichi boshlandi.
O‘quv yig‘ini boshlanishi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda harbiy qurol- aslahalar va maxsus otryadlarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
***
Xiva shahrida infratuzilmani yaxshilash va aholiga sifatli elektr energiyasini yetkazib berishda amaliy ishlar qilinmoqda.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Xorazm hududiy filiali tomonidan Xiva shahar Angarik mahallasidagi elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish ishlari jadal sur’atda davom etmoqda. Ushbu ta’mirlash doirasida eskirgan yog‘och ustunlar o‘rniga 15 ta temir-beton ustuni o‘rnatilmoqda.
Shuningdek, ushbu mahalla aholisini sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida ilg‘or texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan SIP kabeli o‘tkazilmoqda. Bu esa, elektr energiyasini aholiga uzluksiz va barqaror yetkazib berish imkoniyatini oshiradi.
***
Masharipov Farrux Rahimberdiyevich Yangiariq tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Masharipov Farrux Rahimberdiyevich tayinlovga qadar Yangiariq tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
***
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti ijtimoiy-iqtisodiy fanlar fakulteti talabalari ishtirokida iqtidorli yoshlarni yuzaga chiqarish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davra suhbati tashkil qilindi.
Unda iqtidorli va jamoat ishlarida faol bo‘lgan talabalarga universitet ma’muriyati tomonidan moddiy rag‘batlantirish belgilangani haqida ham ma’lumot berildi. Shuningdek, davra suhbatida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
***
Xorazda “ Ilm – mashaqqat, mas’uliyat va rivojlanish!” shiori ostida yoshlar muammo va takliflarini o‘rganish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Respublika ishchi guruhi va viloyat mas’ullarining ochiq muloqotlari tashkil etilmoqda.
Jumladan Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialida oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan yosh olimlar bilan viloyat hokimi o‘rinbosari, iqtisodiyot fanlari doktori, professor San’at Salayevning ochiq muloqoti tashkil etildi.
Tadbirda professor 250 nafarga yaqin yosh olimga o‘zining rahbarlik faoliyati bilan birgalikda, ilm-fan sohasidagi tajribalari haqida gapirib berdi.
Samimiy muloqot davomida ilm-fan yo‘nalishidagi yangi loyihalar, ularni amalga oshirish bo‘yicha zarur yordamlar, nufuzli xalqaro oliy ta’lim muassasalarida stajirovka o‘tashga yuborish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi. Takliflarning aksariyat qismi shu yerning o‘zida yechimini topdi.
***
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Xorazm viloyat boshqarmasi va Yangibozor tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda “M.-S.” va “Sh.J.” MCHJlarga qarashli savdo do‘konlaridan jami 2 ming 444 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 186-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
***
Urganch shahrida faoliyat yuritayotgan yuridik iste’molchilarning ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatidan qonuniy asoslarda foydalanishlarini o‘rganishga doir reyd tadbirlari tashkil etildi.
Tadbirlar davomida ichimlik va oqova suv tarmoqlariga noqonuniy ulanish bilan bog‘liq jami 3 ta holat aniqlandi va bu yuzadan tegishli tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri