Xonbandining shirin qovunlarini yeganmisiz
Jizzax viloyati Forish tumani Xonbandi shaharchasida yoshlar bandligini taʼminlashga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Jizzax viloyati Forish tumani Xonbandi shaharchasida yoshlar bandligini taʼminlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda shaharcha atrofidagi ilgari yaylov sifatida foydalanib kelingan yerlarga suv chiqarilib, dehqonchilik qilish istagidagi yoshlarga boʻlib berildi.
Nurota togʻlari etaklaridagi adirlik bagʻrida joylashgan shaharcha Xonbandi atalishining tarixiy asosi bor. Shaharchamiz yonida Buxoro hukmdori Abdullaxon II tomonidan XVI asrda bunyod etilgan noyob suv inshooti – band, toʻgʻon bor. Toʻgʻri, hozirgi kunga kelib deyarli vayron boʻlgan banddan faqat tosh toʻgʻongina qolgan. Ushbu tarixiy inshoot qadimdan bu adirlarda dehqonchilik qilinganidan dalolat beradi. Hukumatning yordami bilan bugungi kunga kelib bu adirliklar bagʻrida yana dehqonchilik yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu yil artizan quduqlar qazilib, adirliklar bagʻrida oʻzlashtirilgan 1000 gektarga yaqin yer yoshlarga dehqonchilik qilish uchun ajratib berildi.
Oʻt-oʻlanlar qovjirab atrofdan fayz ketib, chang toʻzon koʻtariladigan adirliklar bagʻrida bugun yam yashil dalalar boʻldi. Xonbandilik yoshlar adirda bogʻlar, tokzorlar barpo etdi, sabzavot poliz ekinlari ekdi.
“Xonbandi” mahalla fuqarolar yigʻini raisining obodonlashtirish, tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari Farhod Qayumov bu ishning faol targʻibotchisi va tashkilotchilaridan biri. Farhod aka yoshlarga targʻibot qilayotgan ishning samarasini uning ikki oʻgʻli Fazliddin va Muzaffar Gʻofurovlar amalda isbotladi. Aka-uka hududda 5 gektar yerni oʻzlashtirib qovun-tarvuz yetishtirdi.
Otasi oʻgʻillariga keksa dehqonlarning uyida saqlanib qolgan Forishning “odilboy”, “amri”, “koʻkcha” kabi shirinligi bilan qadimdan mashhur boʻlgan qovunlari urugʻini topishda yordamlashib, qanday ekish haqida maslahat berdi. Qolgan ishlarni oʻgʻillar oʻzlari bajardi. Mana, qovun pishigʻi ham yetib keldi. Forish qovunlarining mazasini biladiganlar uzoqlardan soʻrab kelmoqda.
Oqsoqolning oʻgʻillari birgina qovun bilan cheklanib qolmasdan “Qoramirza muruvvati” xususiy korxonasi tashkil etib, tadbirkorligini kengaytirdi.
– Tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlarining maslahati va yaqin koʻmagida tadbirkorlikning boshqa yoʻnalishini ham yoʻlga qoʻydik, – deydi Fazliddin Gʻofurov. – Parrandachilik yaxshi daromad berar ekan. Goʻsht yoʻnalishida toʻrt marta broyler boqdik. Ayni paytda 1000 donagacha tovuq parvarishlayapmiz. 2 sotix maydonda yengil konstruksiyali issiqxona kurayapmiz. Kuzda uni ishga tushirib, pomidor, bodring, koʻkat yetishtirish niyatidamiz. Katta ishlar uchun katta mablagʻ tikish zarur. Bu masalada yana soliqchilarga koʻmak soʻrab murojaat qildik. Sektor bu masalada ham yordam koʻrsatayotir.
Bugun erta koʻklam boshlangan ishlarning shunday yaxshi samarasini faqat shu aka-ukalar faoliyatida emas, xonbandilik yuzlab yoshlar faoliyatida koʻrish mumkin. Atrofda hisobsiz hosildor yer boʻla turib, ishsizlikdan yoshlar tashlab ketgani Xonbandi shaharchasi bugun yana obod boʻldi. Shahar atrofida qishloq xoʻjaligining barcha turlari rivojlantirilmoqda. Bugun bu yerdan yurtimizning boshqa shirin qovun-tarvuzlar, sabzavot mevalar yetib bormoqda. Yerdan, tabiat imkoniyatlaridan foydalanish aholini, ayniqsa yoshlarni ish bilan taʼminlashda, kambagʻallikni qisqartirishda ham oʻz samarasini bermoqda.