Xokkey: “Humo” Qozog‘iston kubogida qatnashadi
Xabar berganimizdek, Toshkentning “Humo” xokkey klubi joriy mavsumda Qozog‘iston chempionatida ishtirok etadi.
Shu munosabat bilan joriy yilning 24 avgust — 1 sentyabr kunlari chempionat oldidan Qozog‘iston kubogi bahslari tashkil etiladi. Unda ishtirok etadigan humochilar bugun, 23 avgust kuni Qozog‘istonga jo‘nab ketdi.

Hamyurtlarimiz Qozog‘iston kubogidagi ilk o‘yinni ertaga, 24 avgust kuni qo‘shni mamlakat chempionatining amaldagi g‘olibi "Sariarka" (Karaganda) jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Aytish lozimki, Qozog‘iston kubogida jamoalar uchta guruhga bo‘lingan holda bahslarda qatnashadi. "Humo" jamoasi "A" guruhida "Sariarka", "Aktobe" va "Kulager" jamoalari bilan bellashadi.
Aytib o‘tganimizdek, Toshkent jamoasi ilk o‘yinda "Sariarka"ga ro‘baro‘ kelsa, 26 avgust kuni Aktobening “Aktobe”si bilan, 28 avgust kuni esa Petropavlovskning “Kulager” jamoasi bilan bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, “Humo”ning Toshkentdagi ilk o‘yini 11 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA