Xokkey: “Binokor”ga devorlar ham yordam berolmadi
Shu kunlarda poytaxtimizdagi ko‘p tarmoqli “Humo arena” muz saroyida xokkey bo‘yicha bolalar o‘rtasida xalqaro turnir o‘tkazilayotganidan xabaringiz bor.
Shu kunlarda poytaxtimizdagi ko‘p tarmoqli “Humo arena” muz saroyida xokkey bo‘yicha bolalar o‘rtasida xalqaro turnir o‘tkazilayotganidan xabaringiz bor.
Unda mezbonlardan “Binokor” va “Toshkent siti”, shuningdek xorijiy mamlakatlardan “Riga” (Latviya), “Qaysar” (Qozog‘iston) hamda “Olg‘a” (Qirg‘iziston) jamoalari g‘oliblik uchun bahs olib borishmoqda.
Dastlabki kungi o‘yinlardan keyin musobaqada “Riga” hamda o‘zbek xokkey maktabining qaldirg‘och vakili “Binokor” jamoasi yoshlari yetakchilikni qo‘lga olishgandi. Kecha bo‘lib o‘tgan o‘yinlarda har ikki jamoa o‘zlarining uchinchi g‘alabasini tantana qilishdi. Ularning o‘zaro o‘yinida xalqaro turnirning bosh sovrini qaysi jamoaga nasib etishiga oydinlik kiritilishi kutilayotgandi.

To‘g‘ri, mahorat va saviya borasida latviyalik yosh xokkeychilar bizdan ancha ustun. Biroq, “Binokor” jamoasi o‘z uyida o‘ynayotgani, qolaversa ularda g‘alaba qozonish ishtiyoqining yuqori ekanligi hamyurtlarimizga qo‘l kelishi kerak edi. Qolaversa, sportda shunday ibora bor: “o‘z uyingda devorlar ham suyaydi”. Biroq, unday bo‘lmadi. Mahorat baribir o‘z so‘zini aytdi. “Riga” jamoasining beshta goliga mezbonlar atigi ikkita javob qaytarishdi. Bu esa yakunda uloq latviyaliklarda ketishining ehtimolini oshirib yubordi, negaki endi ularni to‘xtatib qolish hech bir jamoaning qo‘lidan kelmasa kerak.

Kecha bo‘lib o‘tgan qolgan o‘yinlarda qayd etilgan natijalar bilan tanishing:
“Toshkent siti” – “Riga” – 0:6
“Binokor” – “Olg‘a” – 8:3
“Toshkent siti” – “Qaysar” – 3:1
“Riga” – “Binokor” – 5:2
“Olg‘a” – “Qaysar” – 2:6
Xalqaro turnir bugun yakuniga yetadi.
