
“Vatandoshlar” jamoat fondi Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyati Xo‘jand shahrida “Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy munosabatlari tojik-o‘zbek do‘stligining oliy namunasidir!” mavzusida buyuk o‘zbek shoiri va mutaffakiri Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga bag‘ishlangan nazm kechasi uyushtirdi.
– Navoiy merosi mavzu va janriga ko‘ra rang-barang, – dedi tadbir ochilishida jamg‘arma raisi Odiljon Sattorov. – Uning ijodi XV asrdan hozirgi kungacha o‘zbek adabiyoti rivojiga xizmat qilib kelmoqda. Asrlar davomida mutafakkirning asarlari taqlid va ilhom manbai hisoblangan. Vafot etgandan keyin Navoiy merosi forsiy va turkiy xalqlar orasida keng yoyildi. Masalan, uning Abdurahmon Jomiy bilan ustoz-shogird munosabati zamonlar osha necha-necha avlodga ibrat.

Tojikiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi farmoyishiga muvofiq Dushanbe shahrida Nizomiddin Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i tashkil etilgan. Tojik va o‘zbek xalqlari do‘stligi ramzi sifatida majmua markazida Nuriddin Abdurahmon Jomiy va Hazrat Navoiy haykali o‘rnatilgan.
O‘zbek diasporasi vakillari, qo‘shni davlatdagi elchixonamiz xodimlari, Tojikiston, oliy ta’lim muassasalari talaba va o‘qituvchilarini birlashtirgan tadbirda Navoiyning nafaqat mintaqa, balki butun dunyo madaniyati, adabiyoti rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi e’tirof etildi.

Anjumanda san’atimiz ustalari, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi mas’ullari, xorijdagi vatandoshlar, ular tuzgan jamoat birlashmalari faollari, o‘zbek tili o‘qituvchilari ham ishtirok etdi.
– Tojik-o‘zbek xalqlari do‘stligi poydevorida birlik, hamjihatlik, birodarlik, ittifoq, yo‘ldosh so‘zlari bir-biriga hamohang, bu rishtalar har qanday yutuq, rivojlanish, gullab-yashnash, bunyodkorlik, tashabbuskorlik, tashkilotchilik, yaratuvchanlik yӯlidagi oltin zanjir sifatida ishtirokchilarni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi, – dedi “So‘g‘d haqiqati” gazetasi muxbiri Navro‘za Mamirova. – O‘zaro aloqalarimiz qadim davrlarga borib taqaladi. Muqaddas tojik va o‘zbek abadiy do‘stligi yanada gurkirab rivojlanishida davlatlarimiz rahbarlarining rasmiy uchrashuvlari, o‘zaro tashriflari, olimlarning ilmiy anjumanlari va tadqiqotlari muhim ahamiyat kasb etdi. 2021 yil 11 iyulda Prezidentlar Emomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyev Xo‘jand shahridagi Arbob qasrida So‘g‘d viloyati ziyolilari va faollari bilan o‘tkazgan muloqotda yurtimiz yoshlari nomidan so‘zga chiqib, ikki xalq do‘stligi haqida o‘qigan she’rimni yig‘ilganlar ko‘tarinki ruhda qabul qilgan. O‘shanda men “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangandim. Bu e’tirof doim hayot va ijod yo‘limni mash’ala misol yoritadi.

So‘g‘d viloyati Bobojon G‘afurov tumani maorif bo‘limi o‘zbek tili va adabiyoti fani mushoviri (metodisti), 18 yildan buyon o‘qituvchilik qilib kelayotgan Rohiniso Rahmonberdiyeva muntazam ravishda Alisher Navoiyning hayoti va faoliyati, insonparvarlik g‘oyalarini keng o‘rganish, targ‘ib qilish maqsadida ilmiy anjumanlar, davra suhbatlari tashkil etib keladi. Bunday tadbirlar adabiyot ixlosmandlari uchun juda foydali bo‘layotgani ta’kidlandi.
O‘tgan davr mobaynida “Vatandoshlar” jamoat fondi besh marta Tojikistonda bo‘lib, Navoiyxonlik kechalari, “Navro‘z” umumxalq bayrami munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ikki mamlakat ijodkorlari uchrashuvlari, Xalqaro press-klub, “Zakovat” intellektual o‘yinlari tashkil etgani alohida qayd etildi.

2024 yil jamg‘arma homiyligida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda o‘zbek va tojik adabiyotining taniqli vakili, “ikki chaman bubuli”, “o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi ko‘prik” kabi ta’riflar bilan e’zoz topgan shoir O‘lmas Jamol tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlab “O‘zim dunyo aro dunyo” nomli kitob chop etildi. Ushbu asar taqdimoti o‘quvchi yoshlarda iliq taassurot qoldirdi.
Safar davomida So‘g‘d viloyatidagi 48 ta ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan maktablarga “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan o‘zbek tilidagi badiiy adabiyotlar jamlanmalari taqdim qilindi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA