Xoʻjalik faoliyati kengaymoqda
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanidagi Ullubogʻ ovulida joylashgan “Ullubogʻ chorva kompleksi” fermer xoʻjaligi 2015-yilda faoliyat boshlagan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanidagi Ullubogʻ ovulida joylashgan “Ullubogʻ chorva kompleksi” fermer xoʻjaligi 2015-yilda faoliyat boshlagan. Ushbu chorvachilik kompleksida bugunda 87 bosh yirik shoxli mol va 155 bosh qoʻy boqilmoqda.
Joriy yil may oyida “Xalqbanki” tomonidan ajratilgan 750 million soʻm kredit mablagʻi evaziga Avstriya davlatidan 31 bosh naslli qoramol olib kelindi. Chorva mollarining ozuqasi uchun ekin maydonining 10 gektariga beda va 4,6 gektariga makkajoʻxori ekilgan.
Hozirda xoʻjalikda 60 bosh qoramolga moʻljallangan yangi chorvachilik kompleksining qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
– Xoʻjaligimiz tomonidan hududdagi bolalar bogʻchalari, shifoxonalar hamda mahalliy bozorga sifatli goʻsht va sut mahsulotlari yetkazib berilmoqda, - deydi fermer xoʻjaligi rahbari Erkin Rahimov. –Shuningdek, bogʻdorchilik, uzumchilikni ham yoʻlga qoʻyganmiz. Uch gektar yerdagi uzumzordan mavsumda 50 tonnaga yaqin mahsulot yetishtirishni koʻzlaganmiz. Hozirda 20 nafarga yaqin kishi xoʻjalik ishlari bilan band.
Kelasi 2021-yilning oxirigacha chorva kompleksiga Yevropadan yana 200 boshdan ortiq naslli qoramol olib kelish hamda xoʻjalik qoshida sutni qayta ishlash sexini tashkil qilish rejalashtirilgan.