Xitoyda 13 mingga yaqin o‘zbek yashaydi
Shu kunlarda Xitoy Etnik ishlar bo‘yicha milliy komissiyasi rahbari Pan Yue boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Mazkur tashrifdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida millatlararo munosabat, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya, ta’lim singari turli sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishdan iborat.
Tashrif doirasida Simpoziumlar saroyida Prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilovning Xitoy delegatsiyasi a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.


M.Komilov mehmonlarni qizg‘in qutlab, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan yurtimizda millatlararo totuvlik va hamjihatlikni ta’minlash borasida olib borilayotgan siyosat xususida so‘z yuritdi. Jumladan, mamlakatlarimizni ming yillardan beri davom etib kelayotgan madaniy, iqtisodiy va do‘stlik aloqalari birlashtirib turishi, bugungi kunda ham aloqalar tobora rivojlanib borayotgani aytildi. Mamlakatimizda Konfutsiy instituti faoliyat olib borayotgani, 2019 yil Samarqandda ushbu alloma haykali o‘rnatilgani, XXRdagi oliy ta’lim dargohlarida o‘zbek tili o‘rgatilayotgani, Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilgani davlatlarimiz o‘rtasida yaxshi aloqa yo‘lga qo‘yilganidan dalolat.
Tashrif davomida yana qator istiqbolli kelishuvlarga erishish ko‘zda tutilgan. Yurtimizdagi Madaniy markazlar huzurida imtiyozli do‘stlik uylari barpo etilmoqda, davlat granti, subsidiyalar taqdim etib boriladi. Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi bilan XXRning bir necha tashkiloti hamkorlik qilyapti.


O‘z navbatida Pan Yue Xitoy ham O‘zbekistonga o‘xshash ko‘p millatli, boy tarixga ega davlat ekanini aytdi. Hozir Xitoydagi o‘zbeklar soni 13 000 ga yetdi. Davlatimiz millatlararo munosabatlar yo‘nalishida olib borayotgan siyosatning ustuvor jihatlaridan biri davlat va turli idora, tashkilotlar faoliyatida xorijliklar ham mehnat qilishini ta’minlash, ularga sharoit yaratishdir.
XXR raisi Si Szinpin tashabbusi bilan Konfutsiy va Islom dini mushtarakligi o‘rganilmoqda. Bundan maqsad milliy xilma-xillikni ko‘paytirish, madaniyatlar rivoji uchun imkoniyat yaratishdir. Kelgusida yoshlar ta’limi sohasida ham hamkorlikda istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi.
Mehmonlar O‘zbekiston fuqarolarining qonun oldidagi tengligi siyosatini yuqori baholab, ta’lim, texnologiya kabi sohalarda hamkorlik qilishdan manfaatdorligini qayd etdi.


Delegatsiya a’zolari Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida ham bo‘lishdi. Uchrashuvda qo‘mita raisi o‘rinbosari Azamat Toshev tuzilma faoliyati yuzasidan batafsil ma’lumot berdi. Suhbat davomida ikki mamlakat do‘stligini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilgan ishlar, kelgusida qilinishi kutilayotgan masalalar yuzasidan fikr almashildi. Davlatlarimiz o‘rtasida ijtimoiy-siyosiy, madaniy, iqtisodiy va turizm sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan takliflar bildirildi.
– O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida boshqa sohalar qatori madaniy-ma’rifiy aloqa ham rivojlanmoqda, – dedi delegatsiya rahbari Pan Yue. – Bugungi muloqot ham yangi hamkorlikning boshlanishi. Ikki mamlakat jamoatchiligining bunday faol muloqoti mamlakatlarimiz do‘stligini yanada mustahkamlaydi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA