Xitoy tajribasi mohiyati nimada?
Keyingi paytda yurtimiz tadbirkorlari, mahalliy hokimliklarning Xitoy ishbilarmonlari va mintaqalari bilan hamkorligi ancha jonlandi. Ikki davlat rahbarlarining uchrashuv va muloqotlari muntazamlik kasb etgani kabi, nufuzli delegatsiyalar tashriflari ham doimiy tusga kirdi. Davlatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi yil sayin oshib bormoqda. Xitoy kompaniyalari va investorlari bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan korxonalar ham ko‘payib qoldi.
Samarqand viloyati misolida oladigan bo‘lsak, sentyabr oyining o‘zida Xitoyning uchta provinsiyasi rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalar viloyatga tashrif buyurdi. Biznes forum va taqdimotlar o‘tkazildi, sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm va madaniy sohalarda hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, Shensi provinsiyasi rahbariyati bilan uchrashuv chog‘ida Samarqand viloyati hokimi Qo‘shrabot va Payariq tumanlarida ushbu provinsiyaning kambag‘allikni qisqartirish hamda sanoatni rivojlantirish borasidagi boy tajribasini joriy etishni taklif qilgan edi. Xuddi shunday amaliyot Shandun provinsiyasi tajribasi asosida Paxtachi va Narpay tumanlarida yo‘lga qo‘yilishi belgilangandi.
Muloqotlarda mazkur tumanlar rahbarlari, provinsiyalar mas’ullari va tadbirkorlari bilan tanishib, o‘zaro fikr almashgandi. Ko‘p o‘tmay Samarqand viloyati delegatsiyasi Xitoyga borib, hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalarni kelishib keldi.

– Shensi provinsiyasining kambag‘allikni qisqartirish, sanoatni rivojlantirish borasidagi tajribasini o‘rganish maqsadida bir guruh tadbirkorlarimiz bilan birga 19-23 sentyabr kunlari viloyat hokimligi mas’ullari boshchiligida Xitoyda bo‘ldik, – deydi Payariq tumani hokimi Isroil Jabborov. – Kelgusida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha ob’ektlarni tanlab, ular faoliyati bilan tanishdik. Jumladan, bizda issiqxona xo‘jaliklari, bog‘lar tashkil etish, meva-sabzavot, quruq meva yetishtirish imkoniyatlarimiz kengligi bois mazkur yo‘nalishda xitoyliklar tajribasini o‘rgandik. “Aqlli” issiqxonalar, uzumzorlar, anjirzorlarni ko‘zdan kechirdik. Bu issiqxona va bog‘larda har qanday ob-havo sharoitida, yilning barcha faslida kafolatlangan hosilni yetishtirish mumkin ekan. Biz bu tajribani tumanimizdagi Choshtepa va Xo‘ja Ismoil mahallarida yo‘lga qo‘yishni rejalashtirdik. Mutaxassislarni taklif etganmiz, ular tez orada kelib, amaliy ishlarni boshlashadi. Tumanimizda baliqchilikni rivojlantirish, mayiz, mosh, loviya yetishtirishda juda katta imkoniyat bor. Lekin biz bundan samarali foydalana olmayapmiz. Xitoylik hamkorlarimiz mayiz va dukkakli mahsulotlarni qancha bo‘lsa hammasini xarid qilishga tayyorliklarini bildirishdi. Agar biz dasht va lalmi yerlardan samarali foydalanib, aholini ushbu faoliyat bilan faol shug‘ullanishga jalb etsak, ya’ni yerlarni ularga ijaraga berib, mahsulot yetishtirishni ko‘paytirsak, birinchidan, aholi bandligini ta’minlab, kambag‘allikdan chiqarishga erishamiz.
Ikkinchidan, tumanimizning eksport salohiyati oshadi. Bu borada loyihalar ishlab chiqyapmiz. Tumanimiz qishloq xo‘jaligida paxtachilik yetakchi tarmoq hisoblanadi. Yiliga 35 ming tonnadan ortiq xom ashyo yetishtiramiz. Lekin paxtani qayta ishlash va tayyor mahsulot sifatida sotish borasida yetarli tajribaga ega emasmiz. Shuning uchun tumanimizdagi klaster korxonasi xitoylik tadbirkor bilan hamkorlikda paxtani qayta ishlash bo‘yicha yirik loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bugun muqobil energiya manbalaridan keng foydalanish orqali elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash dolzarb masala bo‘lib turibdi. Shundan kelib chiqib, Payariq mas’ullari shensilik hamkasblari va tadbirkorlarga tumanda shamol elektr stansiyasi qurish, quyosh panellari o‘rnatish takliflarini bildirdi.
– Do‘stlik mahallasi hududida shamol elektr stansiyasi qurishni rejalashtirgandik – deya so‘zida davom etadi I.Jabborov. – Yaqinda xitoylik tadbirkorlar kelib, hudud imkoniyatlarini o‘rgandi va loyihani tegishli idoralarga taqdim etdik. Tasdiqlanishi bilan ish boshlanadi. Bundan tashqari, tumanimizdagi aksariyat fermerlarimiz ma’nan eskirgan, bir necha yillik suv nasoslaridan foydalanib keladi. Buning natijasida elektr energiyasiga ham juda katta miqdorda to‘lov qilinadi. Qolaversa, eski uskunalar tez-tez buzilib, zarur vaqtda ekinlar sug‘orilmaydi. Tabiiyki bu fermerlarning iqtisodiy manfaatdorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu masalada ham xitoylik hamkorlarimiz bilan kelishuvga erishdik va eski nasoslar o‘rnida energotejamkor zamonaviy suv nasoslari o‘rnatiladi. Eng muhimi, bu uskunalar quyosh panellari yordamida elektr energiyasi bilan ta’minlanadi. Hozirda bu borada ishlar boshlandi.
“Urgut” erkin iqtisodiy zonasining tumanimizdagi filiali uchun 60 gektarlik yer maydoni ajratilgan. Bu yerda ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish uchun infratuzilma yaratib berish bizning zimmamizda. Tadbirkorlardan talab etiladigani investitsiya kiritib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va yangi ish o‘rinlari yaratish. Ushbu hududda ham xitoylik ishbilarmonlarning faoliyat ko‘rsatishlari uchun imkoniyat qilib beramiz. Umuman, Shensi provinsiyasi tajribasining mohiyati davr talabiga mos tadbirkorlik va maqsadli mehnatda ekan. Buni tadbirkorlarimiz ko‘rib keldi. Endi xalqimizga tushuntiryapmiz. Agar biz ham xitoyliklar kabi eng kichik imkoniyatdan ham maksimal daraja foydalansak, mehnatdan qochmasak, albatta, ular kabi natijalarga erisha olamiz.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri