Xitoy pensiya yoshini oshirdi
Butunxitoy xalq vakillari kengashi mamlakatda pensiya yoshini oshirish taklifini ma’qulladi. “Sinxua” axborot agentligi xabariga ko‘ra, mamlakatda ishchi kuchini qisqartirish bilan bog‘liq iqtisodiy muammoni hal qilish uchun qonunlarni qayta ko‘rib chiqish jarayoni tezlashdi.
Xitoyda joriy qilingan pensiya yoshi hozir dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Rasmiylar soha zudlik bilan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan islohotga muhtojligini ta’kidlamoqda. Zero, Xitoyda o‘rtacha umr ko‘rish 1960 yildagi 44 yoshdan 2021 yilga kelib 78 yoshga ko‘tarildi. 2050 yilga borib ayni ko‘rsatkich 80 yoshdan oshishi taxmin qilinyapti. Binobarin, birga keksalarni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur toifa – mehnatga layoqatli aholi soni qisqarmoqda.
2025 yil 1 yanvardan kuchga kiradigan qarorga muvofiq, Chin o‘lkasida yaqin 15 yil ichida pensiya yoshi erkaklar uchun 60 yoshdan 63 yoshga, ayollar uchun 55 yoshdan 58 yoshga, zavodda ishlaydigan ayollar uchun 50 yoshdan 55 yoshga o‘zgartiriladi. 2035 yilgacha 60 dan katta yoshli aholi soni hozirgi 280 milliondan 400 millionga chiqishi mumkin.
Fanlar akademiyasi ma’lumotiga ko‘ra, agar tizim isloh qilinmasa, 10 yilda pensiya mablag‘i tugaydi.
Bu qadam Xitoyni Yaponiya va Janubiy Koreyaga yaqinlashtiradi. Ya’ni bu qo‘shni davlatlarda fuqarolar faqat 65 va 63 yoshdan keyin pensiya olishadi.