Xitoy kompaniyasi 144 million dollar investitsiya hisobiga Farg‘onada quvvati 150 MVt (300 MVt soat) bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etadi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 29-fevralda “Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida quvvati 150 MVt (300 MVt soat) bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga asosan, Xitoy Xalq Respublikasining “China Gezhouba Group Overseas Investment Co. LTD” kompaniyasi dastlabki baholash bo‘yicha jami 144 million dollar miqdoridagi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritish hisobiga O‘zbekiston tumanida quvvati 150 MVt (300 MVt soat) bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish loyihasini amalga oshiradi.
Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va investor o‘rtasida tuzilgan investitsiya shartnomasi tasdiqlandi hamda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ va investor o‘rtasida tuzilgan Bitim ma’qullandi.
Mazkur loyiha elektr energiyasini ishlab chiqarish manbalarini diversifikatsiyalash, aholini va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlashga xizmat qiladi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri