Xitoy delegatsiyasi Qashqadaryoda
Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi delegatsiyaning joriy yil 18-22 iyul kunlari Xitoyga tashrifi mobaynida Xitoy Xalq Respublikasi Jiansu provinsiyasi gubernatori Syuy Kunlin boshchiligidagi delegatsiya Qashqadaryo viloyatiga taklif etilgan edi.
Jiansu provinsiyasi gubernatori boshchiligidagi 50 dan ortiq ishbilarmon doira vakillari Qashqadaryoda bo‘lib, hamkorlik muzokaralari, kelishuv shartnomalari va “O‘zbekiston (Qashqadaryo) – Xitoy (Jiansu) biznes-forumi”da ishtirok etishdi.
Mazkur tashrifni tashkillashtirishda va viloyatlararo tadbirkorlik aloqalarini rivojlantirishda ikki davlat rahbarlarining beqiyos hissasini e’tirof etish lozim.
O‘zbekiston – Xitoy iqtisodiy hamkorligi “Buyuk ipak yo‘li” bo‘ylab shakllangan. Hozir “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida mazkur munosabatlar yanada tez sur’atlarda rivojlanmoqda.
Ayniqsa, joriy yilning 18-19 may kunlari Sian shahridagi “Markaziy Osiyo – Xitoy” birinchi sammiti davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada kuchaytirdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va XXR Raisi Si Szinpinning o‘zaro do‘stlik aloqalari mahsuli sifatida O‘zbekiston – Xitoy savdo-iqtisodiy munosabatlari jadal bormoqda.
Ikki hudud tadbirkorlari muloqot maydoni “O‘zbekiston (Qashqadaryo) – Xitoy (Jiansu) biznes-forumi” ham aynan ularning siyosiy irodalari mahsulidir. Zero, Yangi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi bosqichi ham hududlararo savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalari jadallashishiga qaratilgan.
Forum doirasida bir qator kelishuvlar imzolanadi va bu kabi forumlar davomiy bo‘ladi. Biznes-forum “Birlashish, muloqot qilish va o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish” shiori ostida o‘tkazilayotgani bejizga emas.
Ta’kidlash lozimki, Qashqadaryo viloyati respublikada paxta, g‘alla yetishtirish, neft-gaz zaxiralari bo‘yicha birinchi o‘rinni egallaydi.
Viloyatda Xitoy tajribasi bo‘yicha 45 ta kichik sanoat zonasi va 120 gektar maydonda erkin iqtisodiy zona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Hududda yirik iste’mol bozori (3,6 million aholi), qo‘shni viloyatlar, Afg‘oniston, Turkmaniston va Tojikiston davlatlariga tovarlarni eksport qilish imkoniyati bor.
Energetika yo‘nalishida ham qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilib, 7 milliard kvt soat elektrni ishlab chiqarish va sotib olish imkoniyati yaratiladi.
Asosiy drayver sohalar qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, to‘qimachilik, charm va turizm kabilardir.
Hudud O‘zbekistonning barcha viloyatlari bilan xalqaro ahamiyatdagi avto, temir va havo yo‘llari orqali bog‘langan. Bir so‘z bilan aytganda, ishbilarmonlik muhiti kundan-kunga rivojlanib bormoqda.
Oziq-ovqat sanoatida yillik 11 ming tonna go‘sht, 134 ming tonna sut, 273 ming tonna mevalarni qayta ishlash yo‘nalishida ulkan imkoniyatlar mavjud.
Kelajakda ekologik toza sharoitda yetishtirilgan meva-sabzavotlarni Xitoy bozoriga eksport qilish bo‘yicha ham takliflar tayyorlanmoqda.
– Baliq mahsulotlarini yetishtirish, ularni qayta ishlash yo‘nalishida Mirishkor tumani hududida 7 ming gektarli 2 ta yirik tabiiy suv havzasi mavjud bo‘lib, unda dengiz mahsulotlari, baliq, qisqichbaqa, artemia yetishtirish imkoniyati aniqlangan, – dedi viloyat rahbari M.Azimov. – Shu yerda Jiansuning baliq yetishtirish bo‘yicha tajribasini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, Qashqadaryo tog‘-kon sanoatida O‘zbekistondagi eng yirik qurilish, metallurgiya va yengil sanoatda 23 ta turdagi 147 ta foydali qazilma koni mavjud. Kitob va Shahrisabz tumanlarida 30 gektar maydonda qurilish materiallari sanoat zonasi qurilgan. Jiansulik investorlar tomonidan mazkur hududda ishlab chiqarilgan barcha qurilish materiallari to‘liq ichki bozorda realizatsiya qilinadi.
Hududda chorvachilik yo‘nalishida ham cheksiz imkoniyatlar bor. Azaldan viloyat hududi yirik va mayda shoxli chorva yetishtirishga qulay hudud sanalgan. Bu borada ham xitoylik tadbirkorlar bilan bizning tadbirkorlar muzokaralari amaliy natija beradi.
Charm sanoati yo‘nalishida yillik 1,7 million yirik va 5 million mayda shoxli qoramol terisini qayta ishlash quvvati mavjud.
Mahalliy charm-poyabzal kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan poyabzal mahsulotlari jahonning turli davlatlariga eksport ham qilinmoqda.
[gallery-13685]
Viloyatda to‘qimachilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatishda ulkan imkoniyat mavjudligi ham katta yutuq. Hududda yiliga 450 ming tonna paxta xom ashyosi yetishtiraladi. 15,5 ming tonna trikotaj mato va 18,4 mln.kv.m gazlama ishlab chiqarish quvvatlari mavjud bo‘lib, ip kalavani qayta ishlash darajasi 25 foizni tashkil etadi.
Xususan, viloyatda Jiansuning Chanjou shahridagi Jinshen grup korporyatsiyasining “LT tekstil interneshonal” XK tomonidan 217 million dollarlik ip-kalava ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirildi.
To‘qimachilik yo‘nalishida ishlash istagini bildirgan xitoylik sarmoyadorlarga Qarshi shahridagi erkin iqtisodiy zonada tayyor infratuzilma taqdim etish uchun barcha sharoit yaratildi.
Ayniqsa, sun’iy tola ishlab chiqarish yo‘nalishida Qashqadaryoda ulkan imkoniyat bor. Hududdagi neft-gaz korxonalarida yiliga 125 ming tonna sun’iy tola tayyorlashda ishlatiladigan granula ishlab chiqariladi. Shu bois tadbirda viloyatning eng yirik neft-gaz korxonalari ham qatnashdi.
Ipak sanoati va pillachilik yo‘nalishida ham voha ulkan hamkorlik imkoniyatlariga ega.
Viloyat Jiansu provinsiyasi bilan hamkorlikda pilla xomashyosini yetishtirishdan boshlab ipakdan tayyor mahsulot ishlab chiqarish va xorijiy bozorlarga eksport qilish siklini (zanjirini) yaratadi. Bu yo‘nalishda ishlash istagini bildirgan investorlarga qonunchilikda belgilangan tartibda 80 ming gektargacha xomashyo bazasi, bo‘sh bino-inshootlar va boshqa infrastruktura yaratib beriladi.
Elektrotexnika yo‘nalishida aholida yiliga 56 mingta televizor, 28 mingta gaz plitasi, 49 mingta konditsioner, 28 mingta muzlatgichga talab bor.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA