Xitoy 30 yil ichida birinchi marta qamoqxona qonunini o‘zgartirdi
Xitoy qamoqxona qonunchiligini 30 yil ichida ilk bor jiddiy isloh qildi. Ya’ni, mamlakatda mahbusni reabilitatsiya qilish va huquqini himoyalash, boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi tahrir qabul qilindi.
Xitoyning oliy qonun chiqaruvchi idorasi tasdiqlagan islohot reabilitatsiya jarayonini takomillashtirish, qamoqxona nazoratini muvofiqlashtirishga qaratilgan, deb yozdi “Sinxua” agentligi.
Yangilangan tahrirda modda soni 78 tadan 121 taga ko‘paytirildi. Hujjatda hukm ijrosi ustidan prokuror nazoratini kuchaytirish ko‘zda tutilib, qamoqxona ma’muriyati uchun batafsil standart joriy etilgan.
Mahkumning qonuniy huquqi va manfaatini himoya qilish qoidasi ham mustahkamlangan. Sud, prokuratura, axloq tuzatish muassasasi ma’muriyatlari faoliyatini tartibga solishga alohida e’tibor qaratilib, jazoni qisqartirish, mahbusni muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish bilan bog‘liq ishni qonun me’yoriga qat’iy rioya qilgan holda, vaqtida va xolis ko‘rib chiqishni ta’minlash zarur.
Adliya vaziri Xe Jun ta’kidlashicha, islohot zarurati adolat va xavfsizlikka jamiyat talabi ortib borayotganidan kelib chiqdi. Uning ta’kidlashicha, sud-huquq va huquqni muhofaza qilish muassasalari faoliyatini takomillashtirish rejasi qamoqxona tizimi faoliyatiga yangi talablar qo‘ygan.
Loyihani muhokama qilish chog‘ida parlament a’zolari qonunchilik bazasi kengayishi Xitoyda amaliy psixologiya rivojlanishi tufayli amalga oshirilganini alohida ta’kidladilar. Bu sohada malakali mutaxassislar soni ortib borayotgani psixologik yordam va tuzatish dasturlari yaratish qoidasini qonunchilikka kiritish imkonini berdi.
Yangilangan “Qamoqxona to‘g‘risida”gi qonun 2026-yil 1-noyabrdan rasman kuchga kiradi. G.Sattorova, O‘zA