XDP yoshlarning siyosiy bilimini sinovdan o‘tkazdi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Surxondaryo viloyat kengashi Termiz davlat universitetida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Siyosatdagi yoshlar” intellektual o‘yinini o‘tkazdi.
Unda Termiz davlat universitetining “Strateglar”, “Demokratlar” va “Renesans”, Termiz muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining “Tongi yulduz”, Toshkent tibbiyot akademiyasining “Aysberg” hamda “Paradok”, Termiz iqtisodiyot va servis universitetining “Femida” jamoalari o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Siyosiy-huquqiy, jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, davlat boshqaruvi, qonunchilik hamda parlament faoliyati kabi mavzulardagi savollarga javob berib, iqtidor va tashabbuskorligini namoyish etdi.

Qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘lgan intellektual o‘yin yakunida birinchi o‘rin “Strateglar” jamoasining bilimdon yoshlariga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni “Demokratlar” jamoasi egalladi. “Femida” jamoasi talaba-yoshlari uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.


G‘olib jamoalar va faol ishtirokchilar partiyaning diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri