Xavfsiz va hurmatga asoslangan mehnat muhiti – inson qadrining amaliy ifodasidir
Yangi qaror
Ayrim mehnat jamoalarida ildiz otgan mahalliychilik, qarindosh-urug‘chilik, guruhbozlik muhiti hamda inson huquqlariga nisbatan hurmatsizlik, ayirmachilik va ruhiy bosimlar haqidagi gap-so‘zlar bejiz emas. Ommaviy axborot vositalaridagi rasmiy xabarlar ham buni tasdiqlamoqda. Demak, tizimda tezkor hal etilishi lozim bo‘lgan jiddiy muammolar bor.
Vaholanki, inson ish joyiga faqat maosh olish uchun bormaydi, hurmat va obro‘ istab boradi. U yerda o‘z bilimi, tajribasi va salohiyatini namoyon etadi, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajaradi, jamiyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shadi.
To‘g‘ri, xodim o‘z zimmasidagi vazifalarni bajarmasa, mehnat qonunchiligi talablarini buzsa, qonun hujjatlariga muvofiq jazolanadi. Ammo, rahbariyat tomonidan shaxsiyatiga tegish, haqoratlash, qo‘pollik qilish, noqonuniy vazifalar yuklash, ruhiy ta’sir o‘tkazish “Inson qadri” tamoyillariga zid.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bu borada qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan joriy yil 21-sentabrdagi “Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yangicha yondashuvlarning ijtimoiy ahamiyatini va tezkorligini yanada oshiradi. Qarorning maqsadi:
– mehnat sohasida tazyiq, jinsiy va jismoniy zo‘rovonlik, shahvoniy shilqimlik, ruhiy bosim, ta’qib qilish, kamsitish va shu maqsadda mansab mavqeini suiiste’mol qilishga qaratilgan harakatlarning oldini olish va ularga nisbatan ta’sir choralarini ko‘rish bo‘yicha samarali tizimni joriy etish, tazyiq va zo‘rovonlik holatlari sodir etilganligi bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish, bunday holatlarga xolisona baho berish jarayonlarini raqamlashtirish va uning ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish;
–mehnat sohasida tazyiq va zo‘ravonlik holati yuzasidan murojaat qilgan fuqarolarning shaxsiga oid ma’lumotlarni himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish hamda tazyiq va zo‘ravonliklar holatlariga oid huquqbuzarliklar yashirilishining oldini olish kabilarga qaratilgan.
Raqamli murojaat – ochiqlik va hisobdorlik sari qadam. Qarorda 2026-yil 1-dekabrga qadar davlat organlari va tashkilotlarida “Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti” axborot portalini joriy etish nazarda tutilgan.
Portal orqali tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha murojaatlarni onlayn qabul qilish, ularni tekshirish, dalillarni to‘plash, xulosalar tayyorlash, axborot almashish va ko‘rilgan choralar haqidagi ma’lumotlarni saqlash imkoniyati yaratiladi.
Bu – zamonaviy raqamli boshqaruvning mehnat huquqlarini himoya qilish sohasiga kirib kelayotganidan dalolat. Eng muhimi, murojaatning taqdiri insonning sub’ektiv munosabatiga bog‘lanib qolmasligi uchun tizimlashtirilgan mexanizm paydo bo‘ladi.
Ayniqsa, tazyiq yoki zo‘ravonlikda ayblanayotgan shaxs mas’ul xodim yoki rahbarning o‘zi bo‘lsa, murojaatning yuqori turuvchi instansiyaga avtomatik yuborilishi – xolislikni ta’minlash nuqtai nazaridan ahamiyatli.
Bu yerda asosiy tamoyil juda oddiy: murojaat qilgan inson jazolanmasligi, uning murojaati esa e’tiborsiz qolmasligi kerak.
Qarorda qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlangan jinsiy yoki jismoniy zo‘ravonlik, shahvoniy shilqimlik holatlarini mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol buzish sifatida belgilash tavsiya etilgan.
Tazyiq, ruhiy bosim, kamsitish va murojaat qilgani uchun ta’qib qilish holatlarini esa mehnat intizomini buzish sifatida baholash nazarda tutilmoqda.
Adolat ish joyidan boshlanadi. “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi uchun inson qadri – ustuvor mezon. Inson manfaati, uning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash muhim qadriyatlardan hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, ish joyida xavfsizlik va hurmat muhitini ta’minlash – oddiy mehnat munosabati emas. Bu – inson qadriga bo‘lgan munosabatning ko‘rsatkichidir.
Agar inson o‘z ish joyida haqoratlanish, kamsitilish, ruhiy bosim, tazyiq, zulm yoki zo‘ravonlikdan qo‘rqsa, bunday muhitni sog‘lom mehnat muhiti deb bo‘lmaydi.
Mehnat jamoasida inson o‘zini hurmat qilingan va xavfsiz his qilsa, u o‘z fikrini erkinroq bildiradi, muammolarni yashirmaydi, tashabbus ko‘rsatadi va ishiga mas’uliyat bilan yondashadi.
Demak, xavfsiz va hurmatga asoslangan muhit faqat xodimning manfaati emas. Bu – ish beruvchining ham manfaati. Chunki xodimni hurmatlaydigan tashkilotda o‘zaro munosabat mustahkamlanadi, ichki nizolarni barvaqt aniqlash imkoniyati ortadi va boshqaruv madaniyati yuksaladi.
Shu ma’noda, inson qadri va tashkilot samaradorligi bir-biriga bog‘liq. Adolatli munosabat samarali mehnatning muhim shartlaridan biridir. Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini yaratish esa inson qadrini amalda ta’minlashning muhim ko‘rinishi hisoblanadi.
Zero, inson qadrlangan joyda mehnat samara beradi. Mehnat samara bergan joydagina taraqqiyot barqaror bo‘ladi. Adolat esa ana shu taraqqiyotning ma’naviy va huquqiy poydevoridir.
Abdukamol RAHMONOV,
O‘zbekiston “Adolat” SDP
Siyosiy kengashi raisining o‘rinbosari.
O‘zA