Xavfsiz mahalla sari amaliy qadamlar
Toshkent shahri Yunusobod tumanida aholi tinchligi va xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik hamda jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda.
Ayniqsa, “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida profilaktik tadbirlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu munosabat bilan Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazida Yunusobod tumanidagi “Qashqar” mahallasida joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida qayd etilgan jinoyatlar tahlil qilindi. Yig‘ilishda sodir etilgan jinoyatlarning sabablari, ularga sharoit yaratgan omillar muhokama qilinib, bu kabi holatlarning takrorlanmasligi uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan choralar belgilab olindi.

Milliy gvardiya Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Sardor Alimovning ta’kidlashicha, jinoyatchilikka qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki mahalla, mutasaddi idoralar va aholining hamkorligi orqali samara beradi. Uning aytishicha, har bir huquqbuzarlikning sababini o‘z vaqtida aniqlash va uni bartaraf etish orqali og‘irroq jinoyatlarning oldini olish mumkin.
Shu bilan birga, tumanda manzilli profilaktik tadbirlar ham kuchaytirilgan. Tungi reydlar davomida muhim davlat va ijtimoiy ob’ektlar, kompyuter klublari, savdo majmualari, qo‘riqlash hamda videokuzatuv tizimlari o‘rganilib, xavfsizlik talablariga rioya etilishi tekshirildi. Mas’ullarga xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirish, jamoat tartibiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan har qanday holatga tezkor chora ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Bunday profilaktik ishlar yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, aholining xavfsiz yashashini ta’minlash hamda mahallalarda jinoyatchilikning oldini olishga xizmat qilmoqda.
Nigora Rahmonova, O‘zA