Xavfli “o‘yinchoqlar”ning ayanchli oqibatlari
Yangi yil yaqinlashgani sari ko‘cha-ko‘yda va bayram archalari o‘rnatilgan hududlar yaqinida bolalar, yoshlar pirotexnika vositalaridan foydalanadi.
Jizzax viloyati ichki ishlar, bojxona, favqulodda vaziyatlar boshqarmalari va boshqa mutasaddi idoralar xodimlari tomonidan pirotexnika vositalarining qonunga zid ravishda mamlakatimiz hududiga olib kirish, ishlab chiqarish va savdosiga barham berish, bu turdagi vositalardan foydalanish natijasida yuzaga keladigan noxush holatlarning oldini olish maqsadida umumiy savdo hududlarida qo‘shma reydlar, ta’lim muassasalarida “Agar siz xarid qilmasangiz, pirotexnika savdosi o‘z-o‘zidan to‘xtaydi” mavzusidagi targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

– Ayanchli oqibatlarga olib keladigan bu xavfli “o‘yinchoqlar” bolalarga, atrofdagilarga og‘ir jarohat yetkazishi mumkin, – deydi Jizzax viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakat xavfsizligi boshqarmasi Axborot guruhi rahbari, mayor Erkin Ochilov. – Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat IIB JXX YHX boshqarmasi va uning shahar, tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida 13 ta holatda, jumladan ularning 8 tasi YPX maskanlarida hamda 5 ta holat savdo majmualarida, jami 91 ming 781 dona pirotexnika vositalari savdosiga chek qo‘yildi.

– Avvallari bayram kunlari jarohatlangan murojaatchilar ko‘p bo‘lardi, so‘ngi 3 oyda bizga bu masalada murojaat qilganlar bo‘lmadi, – deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Subxonqulov. – Pirotexnik vositalar bilan kuyish jarohati olishni nazorat qilish maqsadida olib borgan doimiy tahlillarimiz shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi yillar mobaynida ichki ishlar, huquq-tartibot va sog‘liqni saqlash xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida bu turdagi jarohatlanishlar keskin kamaygan.
Pirotexnika vositalari, ya’ni salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavfli “o‘yinchoqlar” inson, ayniqsa bolalar organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Jumladan, tananing yuz, ko‘z, qo‘l va hatto og‘iz-burun sohalarida og‘ir, chuqur kuyish va jiddiy shikastni keltirib chiqarishi, ko‘zlarning shikastlanishi natijasida ko‘rish faoliyatini qisman yoki butunlay yo‘qolishi, kuygan tana sohalarida dag‘al, xunuk chandiqlar hosil bo‘lishi, asoratlar bemorlarning ruhiy holatiga juda yomon ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
– O‘zbekiston Respublikasining 2010 yil 22 sentyabrdagi “Pirotexnika buyumlari muomalasi tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan pirotexnika buyumlarini noqonuniy ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, sotish, ulardan foydalanish, ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish yoki o‘tkazish kabi qonunbuzarliklar uchun O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 2501-modda hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 1851-modda bilan to‘ldirilib, qonunbuzarlarga nisbatan jazo choralari keskin kuchaytirildi, – deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining raisi G‘iyosiddin Yalgashev. – Ta’kidlash joizki, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, mamlakatimizga olib kirish, tashish, saqlash va sotish taqiqlangan. Bunday harakatlar uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1851-moddasi bilan huquqbuzarlik ashyolari musodara qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 20 baravarigacha bo‘lgan miqdorda jarima hamda shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa Jinoyat kodeksining 2501-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan.
Pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosi orqali mo‘may daromad topaman, deb yurgan yurtdoshlar, qardli ota-onalar, qancha qiynalib topgan pulingizga farzandingizga dard, o‘zingizga tashvish sotib olmang.
Yangi yil bayrami turli pirotexnika vositalari, ya’ni xavfli “o‘yinchoqlar”siz ham maroqli o‘tadi. Ulardan foydalanmaslik sodir bo‘ladigan ko‘plab noxushliklarning oldini oladi. Bunda huquq-tartibot idoralari xodimlari qatorida har bir ota-ona, mahalla-ko‘y, ta’lim muassasalari mutassaddilari birdek mas’uliyatni his qilishlari talab etiladi.
A.Qayumov, O‘zA