Xarajat – 1 million, daromad – 10 million
Birgina suvdan tejamkorlik bilan foydalanish orqali daromadni o‘rtacha o‘n barobar oshirish mumkin.
Birgina suvdan tejamkorlik bilan foydalanish orqali daromadni o‘rtacha o‘n barobar oshirish mumkin.
Qishloq xo‘jaligida tomchilatib sug‘orish, energiya va suv sarfini tejovchi texnologiyalar qanday samara bermoqda?! Birgina misol. Aytaylik, 30 gektarlik mevazor bog‘ni eski usulda sug‘orish uchun suv boqqa to‘liq yetib borishi uchun 4 o‘rtacha soat, “Pulsar” (zamonaviy suv quvurlari orqali) sug‘orish tizimi joriy etilganda esa 8-10 daqiqa kerak bo‘ladi. An’anaviy usulda bir necha suvchi shu bog‘ni bir hafta, yangi usulda bir nafar suvchi uch kunda sug‘oradi. Eski holatda bog‘ga yetib borguncha suvning 50 foizi isrof bo‘lsa, yangi usulda bir misqol suv ham isrof bo‘lmaydi. Energiya tejamkorligi va tannarxi ham bir necha barobarga qisqarishi ta’minlanadi.
Eng muhimi va asosiysi, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi hosilini bir hafta oldin pishirib, har bir kilogrammini 23-30 ming so‘mdan, suv muammosi tufayli bir hafta kech qolsa mevaning kilosini 5-6 ming so‘mdan sotadi. Daromad salmog‘i farqini hisob-kitob qilib olish qiyin emas, albatta.
Farg‘ona viloyatida ham qishloq xo‘jaligida suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etishni rag‘batlantirish mexanizmlarini yanada kengaytirish va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. O‘tgan yilda 331 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilinib, samarali natijalarga erishildi.
Joriy yilda viloyat bo‘yicha 5 ming 230 gektar yerda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari joriy qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 4 ming 820 gektarini tomchilatib, 310 gektarini yomg‘irlatib va 100 gektarini pulsar sug‘orish tizimi tashkil etadi.
Farg‘ona tumanining Oqbilol qishlog‘i hududidagi tik sug‘orish qudug‘ida joriy etilgan yangi sug‘orish texnologiyalari afzalliklariga bag‘ishlangan amaliy seminarda shu xususda fikr yuritildi. “Sirdaryo-So‘x” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mutaxassislari mazkur hududdagi 31,5 gektarda mevali bog‘da pulsar usulida sug‘orish tizimi joriy etilganining foydali jihatlarini aniq misollar yordamida tushuntirib berishdi. Bu usulning ilk samaralari xususida “Fergana Asiana” paxta-to‘qimachilik klasteri mutaxassislari hamda “G‘anijon mashhurlar bog‘i” va “Bodomzor niholi” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi rahbarlari viloyatning barcha hududlaridan tashrif buyurgan fermerlar, miroblar, irrigatsiya tizimi mas’ullariga o‘z tajribalari misolida so‘zlab berishdi. “Sirdaryo – So‘x” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mutaxassislari tomonidan zamonaviy texnologiyalardan foydalanish borasida mahorat darslari o‘tkazildi.
– Prezidentimizning 2019 yil 25 oktabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan nasos agregatlari va sug‘orish quduqlaridan qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun foydalanishga suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini qo‘llash sharti bilan ruxsat etiladi, – deydi “Sirdaryo-So‘x” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Allomjon Fozilov. – Shuningdek, o‘z faoliyatiga ana shunday zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etgan xo‘jalik sub’ektlariga kreditlar, sarf-xarajatlarning ma’lum qismini qoplab berish uchun davlat maqsadli jamg‘armalaridan mablag‘lar ajratiladi.
Amaliy seminar davomida viloyatning barcha hududlaridan tashrif buyurgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari zamonaviy texnologiyalardan foydalanish jarayonini bevosita kuzatish imkoniyati yaratildi.