Xalqparvar saxovatpeshalar
Ular feysbuk ijtimoiy tarmogʻi orqali xayrli loyihani ilgari surib, uni amalga oshirishga kirishdilar.
Ayni kunlarda vahimasiz karantin xeshtegi ostida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Roʻzgʻor tashvishidan qaygʻurayotgan kam taʼminlangan, yakka yolgʻiz oilalar gʻam yemasliklari uchun bir guruh namanganlik saxovatpesha insonlar tomonidan ibratli ish boshlab yuborildi. Shunday vaziyatlarda vatanparvar yurtdoshlarimizning tashabbus bilan harakat qilayotganlari tahsinga loyiq. Ular feysbuk ijtimoiy tarmogʻi orqali xayrli loyihani ilgari surib, uni amalga oshirishga kirishdilar.
Kecha 27-mart kuni shunday saxovatpeshalar koʻmagi bilan Namangan shahridagi kam taʼminlangan, yakka-yolgʻiz, boquvchisini yoʻqotgan 75 xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiyot niqoblari hamda antitseptik vositalari yetkazildi. Shunday sinovli kunlarda xalq duosini olish, muhtojlarga yordam berish, ularga suyanchiq boʻlish bizlarning qonimizga singgan ezgu xislat. Bu kabi ibratli ishlar koʻplab yurtdoshlarimiz tomonidan olib borilayotgani ahamiyatlidir.
Buning mantiqiy davomi sifatida 28-mart kuni Namangan shahar hokimligi navbatdagi tashabbusni oʻz qoʻliga oldi. Hokimlik vakillari ishtirokida “Avto karvon” tashkillandi. Unda karantinga olingan bemorlar salomatligi uchun kun-u tun xizmat qilayotgan 60 dan ziyod shifokor va hamshiralar uylaridan xabar olindi. Uyushtirilgan “Avto karvon“da belgilangan manzillarga yetti turdagi ozuqa mahsulotlari, niqob va qoʻlqoplar salomatligimiz fidoiylari xonadonlariga tortiq etildi.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV,
Namangan viloyati