Xalqobod sanoat hududiga aylanadi
Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari mamlakatimiz iqtisodiyotini mustahkamlash va aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilib kelmoqda.
Samarqand viloyatida ham bugun “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi va tuman, shaharlarda uning filiallari, kichik sanoat zonalari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Jumladan, Payariq tumanidagi Xalqobod mahallasida kichik sanoat zonasi tashkil etilib, zarur infratuzilma yaratildi. Ayni paytda bu yerda o‘ndan ortiq tadbirkorlik sub’ekti tomonidan ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Kuni kecha kichik sanoat zonasida “Oltin tuproq invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 2 million AQSH dollari bo‘lgan yog‘-moy ishlab chiqarish korxonasining birinchi bosqichi ishga tushirildi va 50 ga yaqin ish o‘rni yaratildi.
Tuman sektor rahbarlari va tadbirkorlari yangi korxona faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, zonada amalga oshirilayotgan boshqa loyihalar, tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyat va qulayliklar haqida ma’lumot berildi.
Tuman mas’ullarining ta’kidlashicha, Xalqobod tez orada Payariqning asosiy sanoat hududiga aylanadi. Bu yerda yigirmaga yaqin ishlab chiqarish korxonasi faoliyat boshlaydi.

Jumladan, “Elektro texnik kompleks” MCHJ rahbari Jafar Tursunov tomonidan sanoat zonasidagi 1 gektar maydonda umumiy qiymati 1 million dollar bo‘lgan elektr texnika jihozlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Kelgusi yilda faoliyat boshlaydigan korxonada 40 ta ish o‘rni yaratiladi va yiligi 21,1 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi.
Bundan tashqari, “Paradise white gold textile” MCHJ tomonidan 3 gektar maydonda yiligiga 60 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega va 600 nafar qishloq aholisi bandligi ta’minlanadigan tikuvchilik fabrikasi qurilmoqda. Tadbirkor Shokir Eshonqulovning 500 ming dollar o‘z mablag‘i hamda yana shuncha miqdordagi bank krediti hisobiga tashkil etayotgan “Silver green tea” oilaviy korxonasida choy qadoqlash yo‘lga qo‘yiladi.
“Sam Ideal Milk” MCHJning umumiy qiymati 620 ming AQSH dollari bo‘lgan muzqaymoq ishlab chiqarish loyihasi ham 2024 yilda ishga tushiriladi va 25 ta ish o‘rni yaratiladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari