Xalqning chinakam yozuvchisi
Said Ahmad deganda kitobxonlar yuziga tabassum yugurishi tabiiy.
Said Ahmad tavalludining 100-yilligiga
Said Ahmad deganda kitobxonlar yuziga tabassum yugurishi tabiiy. Lekin uning ijodi, faoliyati qancha-qancha azob-uqubatlar, yoʻqotishlar, mehnatu mashaqqatlar evaziga shakllanganidan adibning asarlari, yaqinlarining xotiralari, shu kunlarda oynai jahon orqali namoyish etilayotgan “Sabru sadoqat” kartinasi soʻzlaydi.
Umr oqar daryoga oʻxshaydi. Kechagina adabiy uchrashuvlar, ijodiy muloqotlar, maʼrifiy tadbirlarda hayot, adabiyot, ijodkor burchi va masʼuliyati, asarlarining yaratilishi tarixidan soʻzlagan ijodkorning tavalludiga bugun bir asr toʻldi.
Uning xalqchil, haqqoniy, samimiy asarlari kitobxonga zavq bagʻishlashi bilan birga yaqin oʻtmishning ayanchli sahifalari, ogʻir kunlari, el boshiga tushgan fojialardan soʻzlaydi. Yaqin-yaqin yillardagi tarixiy jarayonlar, odamlarning ruhiyati, kechmishlarini roʻy-rost ochib beradi.
Yaxshi asarning qiymati, ahamiyati yillar oʻtishi bilan yana-da yaqqolroq, tobora boʻrtibroq namoyon boʻlib boraveradi. Oddiy misol, ustoz adibning nainki yurtimiz, balki dunyo sahnalarini koʻrgan “Kelinlar qoʻzgʻoloni” spektakli oilaga, milliy anʼanalarga, insonning oʻzi tugʻilgan maskanga hurmat, rostgoʻylik, halollik, kattalarga hurmat, mehnatsevarlik, tartib-intizom, tejamkorlikning oʻziga xos tarannumi boʻlib qolaveradi.
Istiqlolning, insonning chin qadr-qimmati Said Ahmadning “Yoʻqotganlarim va topganlarim”, “Qorakoʻz majnun” , “Umrim bayoni” “Ot bilan suhbat”, “Azroil oʻtgan yoʻllarda” kabi qissa va hikoyalarida baralla yangraydi. Ustoz hayoti, faoliyati va ijodi Saida Zunnunova nomi bilan uzviy bogʻliq. Saida opaning saboti “Qanoatda Saida filcha boʻlurmu, hay-hay...” satrida yaqqol mujassam.
Said Ahmad tavalludining 100-yilligi bugungi sinovli kunlarda ham koʻtarinki tarzda nishonlanmoqda. Uning asariga oid spektakllar, filmlarni xalqimiz sevib tomosha qiladi. Oʻzbek kinochilari tomonidan ishlangan “Sabru sadoqat” koʻp seriyali filmi telekanallar orqali namoyish etilmoqda.
Karantin qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda Adiblar xiyobonida maʼrifiy tadbirlar, Zoom platformasida esa videokonferensiyalar Yozuvchilar uyushmasi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va boshqa tashkilotlar tomonidan oʻtkazilmoqda.
Bularning bari milliy adabiyotimizga, maʼnaviyat va maʼrifatga, ustoz yozuvchilar ijodiga, yaxshi kitobga boʻlgan eʼtiborning amaldagi yorqin ifodasidir.