Xalqni birlashtiruvchi tuyg‘u
Sport
Ulug‘ maqsadlarga pok niyat, sof ko‘ngil, shaxd-u shijoat bilan erishiladi, deyishadi. Albatta shunday. Ammo, istaklar ijobati yo‘lida yana bir omil bor. U orzularga qanot bag‘ishlaydi, ushalmagan, yetib bo‘lmaydigan cho‘qqilar, ma’volar shundoq yoningizda bo‘y ko‘rsatadi, kaftingizdan don tergan kabutardek ko‘nglingizga huzur indiradi. Bu, sport maydonlarida erishilayotgan g‘alabalar sururidir.

Yosh futbolchilarimizning U-20 Osiyo kubogida tarixiy natijaga erishganligi, O‘zbekiston – Iroq o‘rtasidagi final bahsini minglab futbol muxlislari qatori davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bevosita “Bunyodkor” stadionida kuzatib borganligi, g‘oliblikni futbolchi yoshlarimiz bilan baqamti nishonlaganligi barchamizga g‘urur bag‘ishladi.
Futbolchilarimizning 20 yoshlilar o‘rtasida qit’a chempioni bo‘lganligi-yu, Toshkent va Farg‘ona stadionlarida o‘tkazilgan shiddatli musobaqalar zavqi, uning har bir uchrashuvi, terma jamoamiz bosh murabbiyi Ravshan Haydarovning texnik-taktik mahorati, futbolchilarimizning iste’dodi Navro‘z shodiyonalari o‘tkazilayotgan gap-gashtaklarning, sumalak sayllarining, gurunglarning, oddiy insonlar o‘rtasidagi muloqotlarning asosiy mavzusiga aylandi.

El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Yaxshi-yomon gaplar odamlar orasida hamisha oralab yuradi. Kimdir Rossiya – Ukraina tegrasidagi voqealarga o‘zicha qiziqish bildirsa, kimgadir ko‘pning yodidan ham chiqib ketgan koronavirus balosining asoratlari hali ham mavjudligi, yana allakimlar bozorlardagi ajib hangomalar bilan andarmon bo‘lsa, ba’zilar turmushimizda yuz berayotgan oldi-qochdilar bilan vaqtichog‘lik qiladi. Elchilikda, hammaning qiziqishi, intilishi turfa. Biroq, chempionlikka erishgan yosh futbolchilarimiz o‘sha turfa qarashlarga ega bo‘lgan odamlarni bir maqsad – Vatan sha’ni, uning iftixori uchun birlashtiruvchi kuchga aylanganligi bahor epkinlaridek qalbimizga munavvarlik singdirdi.

Tarixlarga tatigulik bu g‘alabali odim yana ikki oydan keyin Indoneziyada o‘tadigan Jahon chempionatida ham bardavom bo‘lishini qalb-qo‘rimiz bilan istab qolamizki, illo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi bo‘lgan avtomobillar futbolchilarimizga, ularning murabbiylariga tantanali ravishda topshirish marosimida ham ushbu orzu-umid bot-bot tilga olindi.
Tadbirda so‘z olgan rasmiylar, futbolchilarimiz, ularning ota-onalari ishonchga munosib bo‘lish, e’tirof ortidagi mas’uliyat, vatan sha’ni nechog‘li muqaddas tuyg‘u ekanligi, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportga, xususan, futbolga berilayotgan e’tibor sababli yutuqlar qo‘lga kiritilayotganligini bildirishdi.
Davlatimiz rahbari bevosita futbol bahslari, iqtidorli yoshlarimiz, jamiyatimizda ro‘y berayotgan holatlar haqida so‘z yuritib, “... haqiqiy jang maydoni bo‘ldi. Yosh-yosh bolalardan, tanish-bilish bo‘lmagan, jaydari yigitlardan tashkil topgan futbol jamoamiz agar adolat bo‘lsa, korrupsiya bo‘lmasa nima bo‘lishi mumkinligini maydonda ko‘rsatdi”, deya ta’kidlashda ham Yangi O‘zbekiston g‘oyasi, uchinchi Renessans poydevori nechog‘li hayotiy masala ekanligining yana bir karra yorqin ifodasi bo‘ldi, deyish mumkin.
Ba’zida ijtimoiy tarmoqlarda ayrim kimsalarning sportchilarga, madaniyat jabhasida ter to‘kib, el-u yurt ravnaqi, xalqning bir tan-u bir jon bo‘lishi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatayotganlarga davlat darajasida e’tibor qaratilsa, rag‘bat ko‘rsatilsa, qaysidir yot qarashli insonlarning so‘zlarini keltirib, davlat ilmga, fanga, yaratuvchanlikka go‘yoki panja ortidan qarayapti-yu, sport, san’at jamiyatda birlamchi o‘ringa chiqib qoldi, degan ma’noda ayyuhannos solishadi. Shunday kezlari o‘sha tirnoq ostidan kir kovlab yurguvchilarga “birodar suv ustidagi mavjga qarab baho berishdan oldin suv tubidagi tiniqlikka, oqim shiddatiga ham bir razm solsangiz yaxshi bo‘lardi” degingiz keladi.
Yot va yov, buzg‘unchi g‘oyalar bilan aqli to‘yingan ayrimlar mamlakatimizda matematika, kimyo, biologiya, energetika, arxitektura, bog‘dorchilik, hunarmandlik sohasidagi yuksalishlar, bunyodkorliklar, yaratuvchanliklar, kashfiyotlar qilinayotganligi, yosh-yosh olimlar, quruvchilar, intellektual yoshlar davlatimiz tomonidan rag‘batlantirilayotganligi, ularning xorijiy mamlakatlarda ta’lim olishlariga ko‘rsatilayotgan qo‘llov haqida negadir mum tishlashadi.
O‘tgan bir yil mobaynida mamlakatimizning yuzlab izlanuvchan yosh olimlari Yevropa, Osiyo, Amerika qit’alaridagi qator davlatlarda malaka oshirib kelganliklari, bu boradagi ishlar hozirda ham tizimli tarzda davom etayotganligi yaqin besh yil oralig‘ida mamlakatimizning ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy tizimlari o‘ta malakali kadrlar bilan ta’minlanishidan dalolat emasmi? Albatta, yurtimiz kelajagi uchun o‘ta muhim bo‘lgan har jihatdan salohiyatli kadrlar xalqimizning bebaho boyligi hisoblanadi. Ertaga bu “oltin avlod” shijoati Yangi O‘zbekistonning taraqqiyotini ta’minlaydigan tizimlarning lokomotiviga aylanishi shubhasiz.
Tarixlar osha isbotlanib kelingan shunday haqiqat bor. Ma’naviy va ruhiy quvvati kuchli, milliy g‘ururi ustuvor, irodasi mustahkam insonlar hamisha ulug‘ ishlarga qodir bo‘ladi. Bugun xalqimiz har jihatdan yuksalishlar, yangi marralar sari yuzlanayotganligi jamiyatimizdagi o‘zgarishlarda, sportchilarimiz erishayotgan g‘alabalarda aks etmoqda. Zotan, har qanday yutuq va uning e’tirofi odamlarni birlashtiruvchi jozibani qalbimizda jilolantirmoqda.
Terma jamoamizning U-20 Osiyo kubogidagi g‘alabasi va jahon chempionatida qatnashishga erishganligi yaqin kelajakda Olimpiya o‘yinlarida ham O‘zbekiston futbolchilari ishtirok etishi mumkinligini anglatmoqda. Bu, orzular haqiqatga aylanayotganligidan, millionlab futbol muxlislarining istaklari ijobat topayotganligidandir. Illo, barchamizni jipslashtirayotgan g‘alabalarmiz, hamjihatligimiz davomli bo‘lsin.
To‘lqin RO‘ZIEV,
O‘zA