Xalqimiz qalbida barhayot siymo
Sana munosabati bilan poytaxtimizdagi Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida adabiy-badiiy xotira kechasi boʻlib oʻtdi.
Bu yil mamlakatimizda millatimizning qiyofasi, tabiati, borligʻini boricha aks ettirgan, Vatanni ozod koʻrish istagi bilan yashagan, umrini shu ezgu maqsadga bagʻishlagan buyuk adib, oʻzbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy tavalludining 125-yilligi keng nishonlanmoqda.
Sana munosabati bilan poytaxtimizdagi Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida adabiy-badiiy xotira kechasi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, maʼnaviyat fidoyilari, adabiyot, sanʼat, madaniyat sohasi namoyandalari, olimlar, professor-oʻqituvchilar, talaba-yoshlar, keng kitobxonlar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojddin Sayyid, Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kenesboy Karimov, qodiriyshunos olim Bahodir Karimov, Abdulla Qodiriyning nevarasi Xondamir Qodiriy milliy adabiyotimizga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish, maʼnaviyat, maʼrifat, madaniyatga, soʻz sanʼati ravnaqiga hurmat-ehtirom bilan eʼtibor qaratish Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan jamiyat hayotida kechayotgan islohotlarda ustuvor oʻrin egallashini taʼkidladi.
Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi oldida barpo etilgan buyuk adib nomidagi ijod maktabi va muzeyga tashrif buyurganida, shu yerda yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, yosh ijodkorlar bilan muloqot chogʻida ham bu jihatlarga alohida eʼtibor qaratdi.
Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan poytaxtimizning Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi oldida ijod maktabi va muzey barpo etildi. Mazkur binoga “Turon” kutubxonasi ham joylashtirildi. Boqqa kiraverishda buyuk yozuvchi haykali oʻrnatildi.
Toshkent shahrining Samarqand darvoza koʻchasidagi ijodkor yashagan xonadonda Abdulla Qodiriy uy-muzeyi ochildi. Bu yerda ham adib haykali qad rostladi. Haykaltarosh Bahrom Norboyev adibni bir qoʻlda kitob tutgan holda oʻychan, mulohazaga berilgan tarzda tasvirlagani uning taʼsirchanligini yanada oshirgan.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan bu hovli yanada obod maskanga aylandi, – dedi yozuvchining evarasi Mahzuna Qodiriy. – Shu oilaning kichik vakili sifatida juda baxtiyorman. Bunday koʻrkam uy-muzeyning barpo etilishi, atoqli yozuvchining tavallud sanasi keng nishonlanishi buvam Habibullo Qodiriyning, barcha oila aʼzolarimizning orzusi edi. Buning uchun davlatimiz rahbaridan gʻoyat minnatdormiz.
Uy-muzey ochilishida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, taniqli adib Xayriddin Sultonov davlatimiz rahbarining bu ezgu tashabbusi adabiyot fidoyilari, millatimiz jonkuyarlari uchun gʻoyat quvonchli voqea boʻlganini alohida eʼtirof etdi.
Abdulla Qodiriyning bundan yuz yillar avval “Biz yangi davrga oyoq qoʻydik. Bas, biz har bir yoʻsinda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz” degan gapi Prezidentimizning bugungi xalqchil islohotlariga naqadar hamohang, dolzarb ekanini vaqtning oʻzi ochiq-oydin namoyon etmoqda.
– Qodiriy ijodi bilan salkam chorak asrdan buyon shugʻullanaman, – dedi tadbirda soʻzga chiqqan Bahodir Karimov. – Bugungi kunda nafaqat xalqimiz, balki xorijliklar ham Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” asarini sevib mutolaa qiladi. Bu roman jahon adabiyoti durdonalari sirasiga kiruvchi gʻoyat betakror asardir. Qaygʻular va tuygʻular romani. “Mehrobdan chayon” asari haqida ham xuddi shu gapni aytish mumkin. Yozuvchining asarlari tasvir jozibasi, goʻzalligi, milliy ruhi, hayotiyligi bilan ahamiyatlidir. Julqunboy taxallusi bilan ham ijod qilgan ustoz oʻzbek kulgu adabiyotining maktabdori edi. U kuldirib yigʻlatar, yigʻlatib kuldirardi. Qodiriy asarlari allaqachon dunyoga chiqdi. Ijodkor qoldirgan maʼnaviy meros kelajakka ham xizmat qiladi.
Tadbirda “Oʻtkan kunlar” romanining “Baxt va baxtsizlik” bobi asosida suratga olingan “Oy shuʼlasida...” filmi namoyish etildi. Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi oʻquvchilari shoir hayoti va ijodi, uning milliy adabiyotimiz ravnaqiga qoʻshgan hissasi haqida sheʼrlar oʻqidi. Poytaxtdagi bir qator teatr jamoalari adib asari asosida sahnalashtirilgan spektakllardan lavhalar namoyish etdi. Taniqli va yosh ijrochilar kuy-qoʻshiqlar aytdi.