Xalqaro xabga BMTning yangi maqomi berildi
Termizdagi Xalqaro transport-logistika xabiga BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Global ta’minot tarmog‘i maqomini berishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, BMT vakolatxonasi, Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining hududiy ofisi va uning Afg‘oniston bo‘limi vakillari, Surxondaryo viloyati hokimligi, Chegara qo‘shinlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘onistondagi maxsus vakili I.Irgashev, BMT vakolatxonasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi A. Meliboyev, BMTning Afg‘onistonga ko‘maklashish bo‘yicha missiyasi(UNAMA)ning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari I. Ratvatte, BMTning doimiy muvofiqlashtiruvchisi S.Maxl, BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining mintaqaviy vakili vazifasini bajaruvchi D.Lipkanu davlatimiz rahbari keyingi yillarda BMT va turli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning Afg‘oniston hamda boshqa mamlakatlarga gumanitar yordamini markazlashgan, tizimli, maqsadli yetkazilishini ta’minlash uchun qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonning yon qo‘shni mamlakat bilan chegaradosh hududida xalqaro yuk tashishlarda keng qamrovli transport-logistika xizmatini ko‘rsatish uchun yetarli zamonaviy infratuzilmaga ega “Termez Cargo Centre” mas’uliyati cheklangan jamiyatining Xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi Afg‘oniston va boshqa davlatlarga tegishli tartibdagi gumanitar yordamni ko‘rsatishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Xabdan gumanitar yordam ko‘rsatish uchun foydalanayotgan manfaatdor xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlat vakillariga barcha sharoit yaratilgan. Uning BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Global ta’minot tarmog‘iga kiritilishi bu boradagi ishlarni yanada samarali yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Birlashgan Arab Amirliklari, Iordaniya, Keniya, Gana, Kamerun, Daniya, Panama davlatlarida yettita Global ta’minot tarmog‘i faoliyat yuritmoqda. Mazkur xalqaro tarmoqlar orqali har yili sayyoramizning turli mamlakatlariga beg‘araz yordam va favqulodda yuz bergan holatlarni bartaraf etish uchun 500 million dollardan ortiq dori-darmon, chodir, odeyal, oshxona anjomlari singari yashash uchun eng zarur vositalar yetkazib berilmoqda.
[gallery-21676]
Jahonda yuz berayotgan hozirgi sharoitda O‘zbekiston janubidagi Xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabiga dunyoning sakkizinchi yirik ta’minot tarmog‘i maqomi berilgani bunday ko‘makka ehtiyoj sezadigan insonlar uchun zaxira yaratish va zarur bo‘lganda tezkor yetkazib berishda muhim omil bo‘ladi.
Tantanali marosim yakunida tadbir qatnashchilari BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Global ta’minot tarmog‘i omborida yaratilgan zamonaviy sharoit va qulayliklar bilan tanishdi. Hududga o‘rnatilgan quyosh panellarini ko‘zdan kechirdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri