Xalqaro ta’lim standartlari – raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning yangi bosqichi
So‘nggi yillarda ta’lim sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-iyul kuni qabul qilingan «Respublikada xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ayni yo‘nalishni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim strategik hujjat bo‘ldi.
Qarorning eng muhim jihatlaridan biri – xalqaro integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini bosqichma-bosqich joriy etishdir. Bu orqali o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim o‘rtasida uzviylik ta’minlanadi, o‘quv dasturlari xalqaro malaka darajalari bilan muvofiqlashtiriladi. Eng muhimi, ta’lim jarayoni mehnat bozori ehtiyojlari bilan yanada chambarchas bog‘lanadi.
Mazkur qaror akademik litsey, texnikum va oliy ta’limni yagona ta’lim trayektoriyasiga birlashtirishni nazarda tutadi. Hozirgacha akademik litseylar, texnikumlar va universitetlar o‘rtasidagi bog‘liqlik asosan qabul tartiblari bilan cheklanib kelgan bo‘lsa, yangi qaror ushbu bosqichlarni yagona integratsiyalashgan ta’lim dasturlari orqali bog‘laydi. Endi o‘quvchi bir bosqichdan ikkinchisiga o‘tar ekan, avval egallagan bilim va kompetensiyalari keyingi bosqichda inobatga olinadi.
Avvalo, akademik litseylarda o‘quv dasturlari universitetlarning akademik talablariga yaqinlashtiriladi. O‘quvchi keyingi bosqichga o‘tganda qaytadan bir xil mavzularni takrorlamaydi, balki oldingi bosqichda olgan bilimlari asosida yangi darajaga ko‘tariladi.
Integratsiyalashgan ta’lim dasturlari joriy etilgan texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar mos bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabiga kirish imtihonisiz qabul qilinadi. Bu kasbiy ta’limning nufuzini oshirish va texnikumni oliy ta’limga olib chiquvchi to‘liq ta’lim bosqichiga aylantirishga xizmat qiladi. Yangi tizimning muhim xususiyati shundaki, integratsiyalashgan ta’lim dasturlari ish beruvchilar va soha mutaxassislari ishtirokida shakllantiriladi. Bu esa bitiruvchilarning nazariy bilimlari bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarini ham mehnat bozori talablari asosida rivojlantirishga xizmat qiladi.
Hujjatda Buyuk Britaniyaning xalqaro ta’lim standartlari va boshqa ilg‘or mamlakatlar tajribasi asosida 3-8-malaka darajalari bo‘yicha integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini joriy etish belgilangani bejiz emas. Bu yondashuv talabaga ma’lum bir bosqichda ta’limni to‘xtatib mehnat faoliyatini boshlash, keyin esa o‘qishni davom ettirish imkoniyatini ham yaratadi. Bunday tizim umr davomida ta’lim olish tamoyilini amalda ta’minlaydi.
Buyuk Britaniyaning malakalar tizimiga asoslangan yondashuvning tanlanishi ham bejiz emas. Mazkur tizim ta’lim natijalarini o‘qish muddati emas, balki egallangan bilim, ko‘nikma va kompetensiyalar asosida baholaydi. Shu bois qarorda Buyuk Britaniyaning RQF (Regulated Qualifications Framework) malaka darajalariga mos integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini joriy etish nazarda tutilgan. Bu yondashuv akademik litsey, texnikum va oliy ta’lim o‘rtasida uzviylikni ta’minlash, avval o‘zlashtirilgan kreditlarni tan olish, talabalarning akademik mobilligini kengaytirish hamda bitiruvchilarning xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur vazifalarni amalga oshirish maqsadida qaror bilan Xalqaro malakalar va baholash markazi tashkil etilmoqda. Markaz integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va muvofiqlashtirish, xalqaro malaka talablarini joriy etish, ta’lim natijalarini baholash hamda xorijiy hamkorlar bilan munosabatni tashkil etish bo‘yicha tayanchdir. Aynan ushbu markaz xalqaro ta’lim standartlarini akademik litseylar, texnikumlar va oliy ta’lim muassasalarida bosqichma-bosqich joriy etish jarayonining asosiy koordinatori bo‘ladi.
Qarorning birinchi bosqichida integratsiyalashgan ta’lim dasturlari 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab 20 ta oliy ta’lim muassasasida joriy etiladi. Ayrimlarda nega aynan ushbu universitetlar tanlandi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Ular reyting asosida emas, balki sohaviy ixtisoslashuvi, xalqaro hamkorlik tajribasi, moddiy-texnika bazasi hamda integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda pilot oliy ta’lim muassasalari sifatida belgilangan.
Ta’kidlash joizki, mazkur ro‘yxat qat’iy emas. Qarorga muvofiq, Xalqaro malakalar va baholash markazining takliflari asosida unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin. Bu esa integratsiyalashgan ta’lim dasturlari keyinchalik boshqa oliy ta’lim muassasalarida ham bosqichma-bosqich joriy etilishini anglatadi.
Xalqaro malakalar va baholash markaziga QS yoki THE reytinglarining TOP–100 universitetlari talablari asosida integratsiyalashgan dasturlarni muvofiqlashtirish, bakalavriatda "1+3" va "2+2", magistraturada "1+1" modellarini joriy etish vazifasi yuklatildi. Mazkur modellar xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirishning eng samarali mexanizmlaridan biri hisoblanadi.
Jumladan, "1+3" modelida talaba birinchi bosqichni O‘zbekistonda, qolgan qismini hamkor xorijiy universitetda o‘qiydi. "2+2" modeli ta’limning teng qismini ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalarida tashkil etish imkonini beradi. Magistraturadagi "1+1" modeli esa bir yillik ta’limni O‘zbekistonda, ikkinchi yilni xorijiy hamkor universitetda o‘tashni nazarda tutadi. Bunday yondashuv talabalarga xalqaro akademik muhitda tahsil olish, ilg‘or tajribani o‘zlashtirish va qo‘shma yoki xalqaro tan olinadigan diplomga ega bo‘lish imkoniyatini yaratadi.
Yangi qarorning yana bir muhim jihati – iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotganidir. Qurilish, muhandislik, axborot texnologiyalari, transport, logistika, turizm, mehmonxona xizmati, biznes va boshqa sohalarda xalqaro standartlar asosida ta’lim dasturlari joriy etilishi natijasida bitiruvchilarning amaliy ko‘nikmalari sezilarli darajada oshadi. Bu esa mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun raqobatbardosh inson kapitali shakllanishiga xizmat qiladi.
Qaror nafaqat ta’lim mazmunini, balki baholash tizimini ham yangi bosqichga olib chiqadi. Endi o‘quv natijalari xalqaro talablar asosida baholanadi, talabalar egallagan kompetensiyalar xalqaro mezonlarga muvofiq shakllantiriladi. Bu o‘z navbatida, O‘zbekistonda olingan bilim va malakalarning xorijda ham tan olinishi uchun mustahkam huquqiy va tashkiliy asos yaratadi.
Hujjatda professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirishga ham alohida urg‘u berilgan. Chunki xalqaro standartlar asosida ta’lim berish, eng avvalo, zamonaviy bilim va metodikalarni egallagan pedagoglarni talab qiladi. Shu bois o‘qituvchilarning xalqaro sertifikatlar olishi, xorijiy hamkorlar bilan malaka oshirishi va ilg‘or ta’lim texnologiyalarini o‘zlashtirishi keng qo‘llab-quvvatlanadi.
Shu bilan birga, qaror ta’lim muassasalari boshqaruvida ham yangi yondashuvlarni joriy etadi. Ta’lim dasturlarini ishlab chiqishda ish beruvchilar, soha mutaxassislari va xorijiy hamkorlarning ishtirokini kengaytirish, ta’lim natijalarini mustaqil baholash hamda xalqaro akkreditatsiya jarayonlarini kengaytirish belgilangan. Bu orqali ta’lim dasturlarining sifati xalqaro mustaqil tashkilotlar tomonidan baholanadi, ularning xalqaro darajada tan olinishi va bitiruvchilarning akademik hamda kasbiy mobilligi yanada kengayadi.
Prezident qarori mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Agar avvalgi bosqichlarda ta’lim tizimining qamrovini kengaytirish, infratuzilmani mustahkamlash va imkoniyatlarni oshirishga e’tibor qaratilgan bo‘lsa, endilikda asosiy vazifa sifati xalqaro darajada e’tirof etiladigan ta’lim muhitini shakllantirishdir.
Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV,
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri.
O‘zA