Xalqaro standartlar asosida veterinariya mutaxassislari tayyorlanmoqda
Bugun – Xalqaro veterinariya kuni
O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tasarrufida faoliyat yuritayotgan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexologiyalar universiteti va uning Nukus hamda Toshkent filiallarida veterinar mutaxassislar xalqaro standartlar asosida tayyorlanmoqda.
Bugungi kunda yosh avlodga universitetning 56,6 foiz ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan 304 nafar professor-o‘qituvchilari ta’lim bermoqda. Joriy yilda universitetga 23 nafar Amerika, Italiya, Turkiya, Latviya, Portugaliya, Koreya, Rossiya, Qozog‘istondagi TOP-1000lik universitetlar professor-o‘qituvchilari ishga qabul qilindi. Universitetga Rossiyadan tajribali mutaxassis (vatandosh) rahbar sifatida jalb etilgan.
Joriy o‘quv yilida ilk bor Koreya, Qirg‘iziston Qozog‘iston davlatlaridan talabalar o‘qishga qabul qilindi.
Universitetning xalqaro hamkorlik ko‘lami yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda. Ushbu o‘quv yilida jahonning sohaga oid eng nufuzli oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari 94 taga yetkazildi.
Universitet joriy yil yanvar oyida "European Association of Establishments for Veterinary Education (EAEVE)” (Yevropa veterinariya ta’limi muassasalari assotsiatsiyasi)ga Markaziy Osiyo va Kavkazorti mamlakatlarining sohaga oid universitetlari ichida birinchilardan bo‘lib a’zolikni qo‘lga kiritdi.
"European Association of Establishments for Veterinary Education (EAEVE)”- veterinariya ta’limi sifatini baholash va akkreditatsiya qilish bo‘yicha Yevropadagi yetakchi tashkilotlardan biri bo‘lib, bugungi kunda Yevropa va boshqa mintaqalardagi 30 dan ortiq davlatdan 100 ga yaqin yetakchi veterinariya universitetlarini birlashtiradi. Tashkilot tomonidan belgilangan standartlar veterinariya ta’limi sohasida xalqaro miqyosda e’tirof etilgan mezonlar hisoblanadi.
O‘quv dasturlari Yevropa veterinariya ta’limi standartlari asosida takomillashtiriladi, zamonaviy klinik ko‘nikmalar va amaliy bilimlar xalqaro talablar darajasida shakllantiriladi. Natijada bitiruvchilarning diplomlari va kasbiy malakasining xalqaro mehnat bozoridagi raqobatbardoshligi oshadi.
Shuningdek, EAEVEga a’zo xorijiy universitetlar bilan akademik mobillik va almashinuv dasturlarida, qo‘shma ta’lim loyihalari hamda ilmiy-tadqiqotlarda ishtirok etish imkoniyatlari kengayadi.
2024-yilda universitetda 14 turdagi hayvonlarni saqlash va statsionar tartibda veterinariya xizmatlarini ko‘rsatishga mo‘ljallangan vivariy laboratoriyasi binosi qurildi va talabalarning amaliy mashg‘ulotlarini o‘tashda xizmat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, 2025-yilda universitetda veterinariya klinikasi tashkil etilib, 12 turdagi zamonaviy veterinariya va biotexnologiya laboratoriyalari, hayvonlar kasalliklari vizual tashxis bo‘limi (UTT, rentgen), jarrohlik operatsion blogi, ambulator va statsionar davolash xizmati yo‘lga qo‘yildi hamda o‘tgan davr mobaynida 20 mingga yaqin hayvonlarga klinik xizmatlar ko‘rsatildi.
Bugungi kunda vivariyda olimlar tomonidan sohaga oid ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Jumladan, 5 ta mahalliy va 3 ta xalqaro loyihalar amalga oshirilmoqda. Veterinariya klinikasi mutaxassislari tomonidan chorvachilik fermer xo‘jaliklarida hayvonlarni parvarishlash va ularning sog‘ligini saqlash bo‘yicha maslahatlar va tavsiyalar berish (extension service), hududiy davlat veterinariya xizmatiga ko‘maklashish, aholi xonadonlarida saqlanadigan hayvonlarga sifatli veterinariya xizmati ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelinmoqda.
Universitet bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari Minnesota universiteti o‘rtasida bajarilishi 2020-2024-yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekistonda veterinariya ta’limining tvinning loyihasi” amalga oshirilib, veterinariya meditsinasi ta’lim yo‘nalishining o‘quv reja va fan dasturlari xalqaro standartlarga moslashtirildi hamda bakalavriat bosqichi 4 yillikdan 5 yillik bosqichga o‘tkazildi.
Minnesota universiteti TOP–300 talik universitetlar qatoriga kiradi va veterinariya sohasida yetakchi kadrlar tayyorlash muassasasi hisoblanadi. Veterinariya meditsinasi ta’lim yo‘nalishining 4 yillik bosqichdan 5 yillik bosqichga o‘tkazilishi halqaro ta’lim va mehnat bozorida raqobatbardoshligi hamda diplomlarning tan olinishi imkonini beradi.
Universitet bilan Belarus Respublikasining Vitebsk davlat veterinariya meditsinasi akademiyasi hamda Latviya davlatining Latviya biofanlar va texnologiyalar universiteti o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etilib, 5 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat, 2 ta mutaxassislik bo‘yicha magistratura bosqichida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
Universitetda 2024-2025 o‘quv yilida 250 nafar 2025-2026 o‘quv yilida esa 1200 nafar yuqori bosqich talabalariga dual ta’lim shaklida malakaviy amaliyotlar tashkil etildi.
“Novobod naslli parranda”, “SAG” biotexnologiya laboratoriyasi, “AgroMIR”, va “Siyob-Shavkat-Orzu” kabi korxonalar bilan talabalarning malakaviy amaliyotlari dual ta’lim shaklida, ya’ni 1+4 tartibida tashkil etilmoqda.
2025-yilda akademik mobillik, xalqaro tadbirlar va haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyoti (Work and travel) dasturlarida universitetning 284 nafar talabalari ishtirok etdi. Shuningdek, 116 nafar professor-o‘qituvchilar 15 dan ortiq davlatlarda stajirovka o‘tab qaytdi.
Akademik mobillik dasturlarida Germaniya, Polsha, Latviya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Indoneziya, Turkiya, Rossiyada 166 nafar, Polsha, Daniya va Germaniyada 118 nafar talabalar haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyoti (Work and travel)da ishtirok etdi.
Shuningdek, 55 nafar universitet bitiruvchi talabalari Shvetsiya, Daniya, Germaniya, Kanada kabi davlatlarda xalqaro mehnat bozorida soha bo‘yicha faoliyatlarini olib bormoqda.
O‘tgan o‘quv yilida “El-yurt umidi” jamg‘armasi tanlovlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan universitet talabasi Islombek Tojiddinov xalqaro TOP-100 talik oliy ta’lim muassasalari ichida 25 o‘rinda turadigan Buyuk Britaniyaning Edinburg universitetiga grant asosida magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilindi.
Olib borilgan islohotlar natijasida mamlakatda veterinariya va chorvachilik sohasida malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Alisher Safarov,
Veterinariya va chorvachilikni
rivojlantirish qo‘mitasi
Fan va ta’lim sohasini rivojlantirish
boshqarmasi boshlig‘i
O‘zA