Xalqaro kuzatuvchilar Surxondaryoda
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining xalqaro kuzatuvchilari Saynxuu Gandolgar (Mongoliya) va Gadbilon Vensan (Fransiya) muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishish uchun Surxondaryo viloyatiga keldi.
Xalqaro kuzatuvchilarni dastlab viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov va shahar hokimi O‘ktam To‘rayev qabul qildi.


Muloqot chog‘ida kuzatuvchilarga joriy yilning 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan saylovni milliy qonunchiligimizga muvofiq xalqaro andozalarga mos ochiq, oshkora va shaffof o‘tkazish uchun viloyatda 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi tashkil etilib, mustaqil faoliyat olib borayotgani, okrug komissiyasining vazifalari, saylov uchastkalarida ko‘rilayotgan hozirlik ishlari, keyingi paytlarda vohada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, vohaning asosiy drayver yo‘nalishlari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Bu jarayonda odamlar hayotida yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar xususida fikr almashildi.

Kuzatuvchilar samimiy qabul va ochiq muloqot uchun viloyat rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Shu kuni xalqaro kuzatuvchilar muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9–Surxondaryo okrug saylov komissiyasida bo‘lib, komissiya raisi A.Xo‘jaqulov, komissiya kotibi Z.Alimardonova, a’zolari R. Norliyev va A. Rahmatovlar bilan suhbatlashdi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi saylovni kuzatish missiyasining roli, maqsad va vazifalari, rejalashtirilgan faoliyati haqida so‘z yuritdi.

Uchrashuvda okrug saylov komissiyasi raisi A.Xo‘jaqulov komissiya a’zolarining tarkibi va vazifalari, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazishda komissiya a’zolarining roli, ayni kunlarda saylov uchastkalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdi. Xalqaro kuzatuvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi. Kuzatuvchilar okrugda saylov komissiyasi a’zolari hamda matbuot markazida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA