Xalqaro kuzatuvchilar Namanganda
Saylov jarayonlarining oshkora va haqqoniy o‘tishini ta’minlashda kuzatuvchilarning ishtiroki juda muhim. Ayniqsa, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarining saylov kampaniyasi boshlanganidan to yakuniy natijalar e’lon qilingunga qadar ishtirok etishi oshkoralik muhiti yaratilishiga xizmat qiladi.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) uzoq muddatli kuzatuvchilari Tatyana Xrol-Lappaleynen va Eytn Mak-Dermott muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 6- Namangan saylov okrugiga tashrif buyurdi. Xalqaro kuzatuvchilar okrug saylov komissiyasi raisi Sobitxon Turg‘unov bilan muloqotda bo‘lib, Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdi. 6-Namangan okrug saylov komissiyasi faoliyati yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Ta’kidlash joizki, xalqaro kuzatuvchilar mahalliy kuzatuvchilar singari saylov qonunchiligida belgilangan huquqlardan foydalanadi. Jumladan, ular Markaziy saylov komissiyasi, saylov okruglari va uchastka saylov komissiyalarida bo‘lib o‘tadigan majlislarda ishtirok etish huquqiga ega. Shuningdek, joylarda nomzodlar ko‘rsatish bilan bog‘liq yig‘ilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish huquqi qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilgan.

Kuzatuvchilar saylov uchastkalaridagi tayyorgarlik ishlarining borishi, yashirin ovoz berish kabinalari joylashtirilishi va saylov qutilari muhrlanishi, fuqarolarning ro‘yxatga olinishi hamda ularga saylov byulletenlari berilishini ham kuzatishi mumkin. Shu ma’noda, YeXHT xalqaro kuzatuvchilari Namangan viloyatining shahar va tumanlarida tuzilgan saylov uchastkalarida saylovchilar, xususan, nogironligi mavjud saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan bog‘liq ma’lumotlarga ham ega bo‘lishdi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA