Xalqaro kuzatuvchi bilan uchrashuv
Shuningdek, suhbat chog‘ida “Kanada – O‘zbekiston” do‘stlik guruhi doirasidagi hamkorlik yo‘nalishlari, shu jumladan birgalikdagi tadbirlarni o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi a’zosi Rahmatulla Nazarov 19 dekabr kuni O‘zbekistondagi parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun kelgan Kanada parlamenti a’zosi, Jamoalar palatasidagi “Kanada – O‘zbekiston” do‘stlik guruhi raisi Ziyod Abuoltoif bilan uchrashdi.
Uchrashuvda bu galgi saylov mutlaqo yangi sharoitlarda o‘tayotgani, uning ochiqligi va raqobatbardoshligini ta’minlashga qaratilgan tayyorgarlik ishlari yuqori darajada tashkil etilgani ta’kidlandi. Saylov xalqaro andozalarga muvofiq o‘tishiga ishonch bildirilib, bu O‘zbekiston o‘zi tanlagan demokratik yo‘lga sodiqligini yana bir bor namoyon etishi qayd etildi.
Shuningdek, suhbat chog‘ida “Kanada – O‘zbekiston” do‘stlik guruhi doirasidagi hamkorlik yo‘nalishlari, shu jumladan birgalikdagi tadbirlarni o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.
– Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya va Tashqi ishlar vazirligida, shuningdek, viloyatlardagi saylov okruglari uchastkalarida bo‘ldim, – deydi Ziyod Abuoltoif. – Bugun mamlakatingiz Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakillari bilan uchrashdim. Saylov jarayoniga tayyorgarlik ishlari bo‘yicha kamchiliklarni ko‘rmadim. Mamlakatingizda mazkur siyosiy tadbirga yaxshi hozirlik ko‘rilgan.