Xalqaro konferensiyada iqtisodiyotning kelajak yo‘nalishlari belgilab olindi
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “Innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish va boshqarishda barqaror o‘sishga erishish yo‘llari: tadbirkorlik, innovatsiyalar, kichik va o‘rta biznes istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli tadbirda xorijiy va mahalliy olimlar, vazirlik va idoralar vakillari, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari mutaxassislari, shuningdek Oliy biznes maktabi professor-o‘qituvchilari hamda tinglovchilari ishtirok etdi. Konferensiyada AQSH, Yaponiya va Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va yirik biznes tashkilotlari vakillari ham qatnashdi.
Tadbir Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish va kichik hamda o‘rta biznes sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha, shuningdek Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti bilan sun’iy intellekt texnologiyalarini tadbirkorlik sohasiga joriy etishga qaratilgan hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimi bilan boshlandi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar doirasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollarga yetkazish, iqtisodiyotda nodavlat sektor ulushini 85 foizga oshirish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning YAIMdagi ulushini 60 foizga yetkazish kabi maqsadlar belgilangan.
Konferensiya ishtirokchilari ushbu vazifalarni amalga oshirishda innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etish, startap-ekotizimni shakllantirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Tadbir doirasida innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish, kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, “yashil” iqtisodiyot va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Konferensiyaning plenar sessiyasida “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ Boshqaruv raisi A.Maxamatov, Amerika texnologiyalar universiteti rektori S.Irando‘st, Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti — JETROning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yu.Ichinose, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti vakillari, shuningdek Rossiya Xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Spikerlar o‘z ma’ruzalarida innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish, universitetlarning ilmiy-innovatsion salohiyatini oshirish, raqamli texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlariga tatbiq etish, startap loyihalarni moliyalashtirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari yuzasidan fikr bildirdi.
— Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning asosiy maqsadi innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi, – deydi “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ Boshqaruv raisi A.Maxamatov. – Ayniqsa, tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy va nomoliyaviy qo‘llab-quvvatlash, startap-ekotizimni rivojlantirish va sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi. Avvalo, qulay biznes muhitini shakllantirish, tadbirkorlarni moliyaviy resurslar bilan ta’minlash va zamonaviy bilim hamda texnologiyalarga ega kadrlarni tayyorlash muhim hisoblanadi. Shu bilan birga, raqamli yechimlar va innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish orqali kichik biznesning raqobatbardoshligini oshirish mumkin. Bugungi kunda davlatimiz tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Kompaniyamiz tomonidan kichik va o‘rta biznes sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida moliyaviy kafolatlar, kompensatsiya mexanizmlari va konsalting xizmatlari taqdim etilmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlarning investitsiya jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish va yangi biznes loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ham amaliy ko‘mak berilmoqda. Ushbu memorandumlar tadbirkorlik sohasida innovatsion yondashuvlarni kengaytirish, ilmiy muassasalar va biznes sub’ektlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, sun’iy intellekt texnologiyalarini kichik biznes faoliyatiga joriy etish, raqamli transformatsiya jarayonlarini tezlashtirish va innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlashda bu hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. Oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri — mamlakatimizda innovatsion tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish va kichik biznesning iqtisodiyotdagi ulushini oshirishdan iborat. Shu maqsadda xalqaro tajribani o‘rganish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlarini izchil davom ettiramiz.
[gallery-29468]
Shuningdek, IT Park Ventures vakillari mamlakatimizda startap-ekotizimning bugungi holati, uning rivojlanish istiqbollari va venchur investitsiyalarini keng jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar o‘rtasida fikr almashinuvi va savol-javoblar tashkil etildi. Tadbir innovatsion tadbirkorlik, barqaror iqtisodiy taraqqiyot, “yashil” texnologiyalar va kichik biznesni zamonaviy moliyalashtirish mexanizmlariga bag‘ishlangan seksiya yig‘ilishlari bilan davom ettirildi.
Ma’lum qilinishicha, konferensiya yakunlari bo‘yicha olimlar, tadqiqotchilar va magistrantlarning ilmiy ishlari to‘plami nashr etiladi hamda unda ilgari surilgan taklif va tavsiyalar tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA